Amerikalik olim: "Islomiy davlat" yolg'iz, yakkalangan yoshlarni ovlaydi


“Islomiy davlat” kabi to’dalar ishchi muhojirlar, immigrantlar orasida tushkunlik, yakkalanish hissidan o’z maqsadlarida foydalanadi. Jangarilar o’zlarini islomning himoyachisi, jabrlanganlarning himoyachisi qilib ko’rsatmoqchi bo’ladi. Muhojirlar yuzlashayotgan barcha muammolarda Amerika va G’arbni ayblashga harakat qiladi.

“Islomiy davlat” kabi to’dalar ishchi muhojirlar, immigrantlar orasida tushkunlik, yakkalanish hissidan o’z maqsadlarida foydalanadi. Jangarilar o’zlarini islomning himoyachisi, jabrlanganlarning himoyachisi qilib ko’rsatmoqchi bo’ladi. Muhojirlar yuzlashayotgan barcha muammolarda Amerika va G’arbni ayblashga harakat qiladi.

“Islomiy davlat”ning gapiga kirayotganlar ko’pincha yolg’iz, yakkalanib qolgan yoshlar, deydi amerikalik olim, islom va siyosatdan izlanayotgan Noa Taker (Noah Tucker). Tahlilchi jangarilarning muhojirlarga ta’sir vositalarini o’rganib keladi.

Amerika Ovozi: AQShda uch o’zbek yigiti “Islomiy davlat” guruhiga aloqadorlik gumoni bilan ushlangan. Yurtdoshlar orasida yangrayotgan fikrlar har xil. Bu yanglishmovchilik va ular tez orada ozodlikka chiqishi aniq, deydi ba’zilar. Boshqalar esa Amerikada o’zbeklar haqida mana shular asosida xulosa qilishadi endi, deydi.

Noa Taker: Nyu-Yorkdagi voqealar ortidan Amerika ahli bu davlatdagi o’zbeklar haqida shu asosda xulosa qilsa, albatta, afsuslanarli. Men Qo’shma Shtatlarda juda ko’p o’zbeklarni bilaman va birortasi “Islomiy davlat”ga yon bosmagan. Mening tanish o’zbeklarim “Islomiy davlat”ning qilmishlaridan dahshatda. Ikki hafta oldin nihoyatda bir mazmunli maqola o’qidim - iordaniyalik uchuvchi yoqib yuborilgani ketidan o’zbek muallif yozgan uni. Maqolada yozilishicha, o’zbek musulmon uchun G’arbda yashash oson emas, chunki “Islomiy davlat” sizni ham nishonga olishi mumkin, chunki jangarilarni tan olmayapsiz, yoqlamayapsiz. Albatta, G’arbda bu kabi voqealarni islom bilan bog’lash holatlari bor. Holbuki, ular bilmaydiki, aksariyat musulmonlar, xususan, o’zbeklar bo’layotgan hodisalardan dahshatda. Jangarilar qabih ishlarni islom bilan qalqon qilayotganidan o’zbeklar ham dahshatda.

Amerika Ovozi: Matbuotning yozishicha, bu yigitlarning internetdagi yozishmalarini kuzatsangiz, ular hafsalasi pir bo’lgan, yolg’iz, hayotdan maqsadini izlagan yoshlar ekanini ko’rasiz. Ijtimoiy tarmoqlardagi radikal kayfiyatga ergashganini aytadi tergovchilar. Holbuki, bu yigitlarning ishi bo’lgan, ikkisining grin kartasi bor, ingliz tilida bemalol gaplashgan. Nima uchun, qaysi payt radikallashadi inson?

Noa Taker: Hali to’liq ma’lumot olganim yo’q bu haqda. Lekin bilishimcha, yigitlardan biri oddiy do’konda yordamchi bo’lib ishlagan, ingliz tilida gapirmagan va qaysidir payt hatto uysiz yurgan. Qolgan ikki yigit haqida bilmadim hali. Lekin odamning hatto ishi va puli bo’lsa ham, o’zga yurtda yashab o’zini yolg’iz-yakka his qilishi mumkin. Ayniqsa, agar sizga yaxshi muomala qilishmasa, boshqa madaniyatga oson singib keta olmasangiz, yakkalanib qolganday his qilasiz. Shunga o’xshash boshqa holatlarni misol qilsak, bunaqa odamlar ishlab, grin kartasini qo’lga kiritsa ham, hech ko’ngli to’lmaydi. Vataniga qaytib ketishni xohlaydi, lekin iloji yo’q. Amerikadagi vatandoshlari bilan bog’lanishga urinadi, ammo har xil sabablar bilan bu ham ish bermaydi. Shunday sharoitda sarson bu insonlarni ekstremistlar quchoq ochib bag’riga oladi, o’z maqsadlari yo’lida foydalanadi ulardan.

Amerika Ovozi: Siz “Islomiy davlat” safidagi markaziy osiyoliklar, xususan o’zbeklar, jangarilarning internetdagi faoliyati xususida izlanib kelasiz. Sizningcha, “Islomiy davlat” safida bir necha yuz o’zbek bor. Holbuki, Bo’hronlarni tahlil qiluvchi xalqaro guruh bu raqam 2-4 ming deya taxmin qiladi.

Noa Taker: Ijtimoiy tarmoqlarda aniq raqam va xulosalar bilan chiqish qiyin. Chunki odamlar internetda o’tirib odatda yolg’on ma’lumot beradi. Shunday ekan, jangari guruhlar safdoshlari sonini bo’rttirib, o’zini qudratliroq ko’rsatishga urinishi tabiiy. “Islomiy davlat”ning o’zbek jangchilari soni haqida aniq raqam bermagan bo’lar edim, lekin ijtimoiy tarmoqlarga tayanib gapiradigan bo’lsak, ular soni bir necha yuz kishi deyish mumkin.

Amerika Ovozi: O’z izlanishlaringizda siz markaziy osiyoliklar orasida “Islomiy davlat”ga moyillik bildirgan odamlarni din emas, nafrat-g’azab birlashtiradi, deysiz. Nima uchun?

Noa Taker: Boshqalarda bor imkoniyatlar ularda yo’q ekanidan, hayot og’irligidan, vatanini, oilasini tark etib o’zga yurtga borib ishlashga majbur bo’lganidan g’azabda ular. Bu kayfiyat, ayniqsa, Rossiyadagi muhojirlar orasida kuchli, biroq Amerikada ham kuzatiladi. Agar odam o’zga yurtda o’zini ikkinchi darajali insondek his qilsa, g’azab va nafratga to’ladi. “Islomiy davlat” kabi to’dalar ana shu hissiyotdan o’z maqsadlarida foydalanadi. Jangarilar o’zlarini islomning himoyachisi, jabrlanganlarning himoyachisi qilib ko’rsatmoqchi bo’ladi. Muhojirlar yuzlashayotgan barcha muammolarda Amerika va G’arbni ayblashga harakat qiladi va ularga qarshi turib beradigan kuchmiz, deydi.

Amerika Ovozi: Amerika federal qidiruv rasmiylari yurtdoshlar va diniy yetakchilardan biror odam radikal kayfiyatga berilsa, darrov xabar berishni so’rayapti. Sizningcha, jamoalar o’zini qanday tutishi kerak bunaqa vaziyatda? Ulardan nima kutiladi?

Noa Taker: Bu kabi vaziyatlarda vatandosh jamoaning qo’llab-quvvatlovi juda muhim. Chunki ko’rayapmiz, yoshlar orasida yakkalanib, yolg’izlanib qolganlar kam emas. Ular tanish va do’stlarni yuzma-yuz muloqotda emas, ko’pincha, internetdan izlaydi bugun. Agar bu yoshlar haqiqatda o’zini bir jamoaning a’zosiday his qilsa, yurtdoshlar tez-tez xabar olib tursa, o’rtada bordi-keldi bo’lsa, ma’qul. Tog’ri, bir odamning qilmishi uchun jamoani ayblash kerak emas. Aslini olganda, gumondagi bu yigitlar manziliga yetib bormasidan ushlangani shu yigitlarning manfaati uchun yaxshi. Chunki faraz qiling, Iroq yoki Suriyaga borganida ehtimol o’lib ketishi hech gapmas edi. Shunday ekan, huquq-tartibot idoralari, o’zbek jamoasi va bu yigitlar uchun bu yaxshi xabar. Shunga e’tibor berish kerakki, “Islomiy davlat”ga qo’shilishga rozi odamlar o’limga tayyor, o’limni yolg’iz yechim deb ko’radigan bir holatga yetgan. Ya’ni shu qadar yolg’iz, shu qadar ilojsizki, o’zini o’ldirishga tayyor. Yurtdoshlar yordami bunday insonlarga nihoyatda zarur va jamoalar tezda oraga tushib bir-biridan xabardor bo’lib turishi muhim.

XS
SM
MD
LG