O'zbekistonlik ustalar Santa-Fe festivalida hunarini namoyish etdi


Marg'ilonlik hunarmand Rasuljon Mirzaahmedov qizi Robiya bilan.

Marg'ilonlik hunarmand Rasuljon Mirzaahmedov qizi Robiya bilan.

Amerikaning Nyu-Meksiko shtatidagi Santa-Fe shahrida har yili o’tadigan usta hunarmandlar festivali (Santa Fe International Folk Art Market) nufuzli davra hisoblanadi. Unga taklif qilingan chevar, kashtado’z yoki sozandaning ijodi so’zsiz tan olinadi. Qaysi davlatda bo’lmasin ularning mahsuloti darrov qo’lma qo’l bo’lib ketadi. Bu yilgi yarmarkada O’zbekistondan 25 kishi qatnashdi - eng katta jamoalardan biri.

11-13-iyul kunlari o’tgan tadbirda ustalar bir-biri bilan tanishdi, tajriba almashdi, mahsulotini sotdi, yangi xaridor va hamkorlar topdi va vatanga daromad bilan qaytdi. Bu esa, deydi hunarmandlar, yangi imkoniyatlarga yo’l ochadi. Yangi ish o’rinlari, ta’lim dasturlari, mustaqil faoliyat, erkin nafas va yurt taraqqiyoti uchun hissa degani bu.

"Amerika Ovozi" festivalda sakkiz yildan beri qatnashib kelayotgan marg’ilonlik hunarmand Rasuljon Mirzaahmedov bilan suhbatlashdi.

Rasuljon Mirzaahmedov: “Savdolar bo’layapti, rosa qizigan mahali”.

Amerika ovozi: “Xaridor ko’p deng?”

Rasuljon Mirzaahmedov: “Xaridor ko’p”.

Amerika ovozi: “Aynan qaysi mahsulotni yaxshi ko’rib olishayapti?”

Rasuljon Mirzaahmedov: “Endi, bizniki atlas, adras. Marg’ilondan kelganmiz. Atlas, adrasdan har xil ko’ylaklar, erkak xalatlari, sumkalar, choyshablar, yostig’ jildlar tikkanmiz”.

Amerika ovozi: “Necha yildan beri shug’ullanasiz bu kasb bilan? Santa-Fe festivaliga necha yildan beri kelasiz?”

Rasuljon Mirzaahmedov: “Men o’zim to’qqizinchi avlodman. Dadam, bobomlar shu kasb bilan shug’ullanishgan. Santa-Fega bu yil sakkizinchi yil kelishim”.

Amerika ovozi: “Mana shu festivalda qatnashish nimani anglatadi siz uchun? Sizni har yili jalb qilayotgan narsa nima?”

Rasuljon Mirzaahmedov: “Men o’zim dunyoda juda ko’p shaharlarda bo’lganman. Yaponiyada, Xitoyda, Fransiyada. Lekin Amerikadagi Santa-Fe shahrida tashkil etilgan ko’rgazma aynan shu hunarmandlarni har qo’llab-quvvatlaydi, ham butun dunyodan kelgan hunarmandlar bir-biridan tajriba o’rganadi. Har yili bu yerdagi hamkasblarimdan bir nimani o’rganib ketaman. Bu yerda qiziqish baland. Bizning mahsulotlarimizga e’tibor baland. Shuning uchun yil davomida tayyorlanib yilda bir marta kelamiz Santa-Fega”.

Amerika ovozi: “Nimalarni o’rganasiz bu yerdagi hunarmandlardan?”

Rasuljon Mirzaahmedov: “Endi, bu yerga dunyoning hunarmandlari keladi. Amerikadagi hunarmandlar ham bor. To’qimachilar. Ulardan nusxalar, ranglar… Endi, asosiysi, bozorda rangni aynan bilish kerak, xaridor qanday narsani talab qilayapti bugun. Ana shu narsa juda ko’p yordam beradi”.

Amerika ovozi: “Sizdan juda bir taniqli modelyerlar mato xarid qilgan deb eshitdik”.

Rasuljon Mirzaahmedov: “Hmm! 2005-yilda amerikalik mashhur dizayner Oskar de la Renta bizning matolardan foydalanib o’zining kolleksiyasini yaratgan. Boshqa dizaynerlar ham yaratgan bizning matolardan”.

Rasuljon Mirzaahmedov va uning ishchilari yaratgan mahsulot.

Rasuljon Mirzaahmedov va uning ishchilari yaratgan mahsulot.

Amerika ovozi: “Mana shu odamlar sizdan mato xarid qilganida u yer-bu yerida sizning ismingiz ham yoziladimi?”

Rasuljon Mirzaahmedov: “Mening ismim ham ketadi. To’qimachilik bo’yicha bizning oilamiz, Mirzaahmedovlar oilasi to’qimachilik bo’yicha mashhur. Shuni e’tirof etishadi”.

Amerika ovozi: “Festival paytida treninglar o’tadi, mashqlar o’tadi. Bularning hammasi ingliz yilida o’tadi. Darslarni, mashqlarni tushunish qanday bo’ldi? Qiynalmadingizmi? Har holda terminologiya boshqa”.

Rasuljon Mirzaahmedov: “Sakkiz yil oldin Buxoroda turizm markazi bor, shu orqali kelgan edik. Raisa Ahmedovna opa bizni olib kelgandilar. O’zim ingliz tilini bilmayman. Lekin Raisa Ahmedovna seminarlar paytida bizga tarjimonlarni biriktirib beradi. Ular o’zimizdan kelgan tarjimonlar va hunarmandchilik terminlarini yaxshi bilishadi. O’zim sakkiz yildan beri kelgan bo’lsam, ingliz tilini hech o’rganolmadim”.

Amerika ovozi: “Mana shu yerdan qaytgandan keyin olingan pulni nimaga sarflamoqchisiz? Bilim bilan qaytasiz, dunyoni ko’rib qaytasiz. Nimalar qilmoqchisiz O’zbekistonda?”

Rasuljon Mirzaahmedov: “O’tgan yili Santa Feda yaxshi daromad qilgan edim. O’tgan yili o’zimning shahrim haqida bir kitob chiqardim. Shahrimning tarixiga, madaniy meros obyektlariga taalluqli bo’lgan kitob chiqardim hisobimdan. O’zimning markazim ham bor, qo’limda o’ttiz-qirqta ayollar ishlaydi, shularga Amerikadan qaytib borganimdan keyin yana ish beraman. Yangi buyurtmalar olib ketaman AQShdan. Yil davomida ishchilarimni ta’minlashga ham festival katta yordam beradi”.

Amerika ovozi: “Qo’lingizda necha ayol, necha erkak ishlaydi? Ular qanday ishlar bilan band?”

Rasuljon Mirzaahmedov va uning ishchilari yaratgan matolar.

Rasuljon Mirzaahmedov va uning ishchilari yaratgan matolar.

Rasuljon Mirzaahmedov: “Sakson foiz ayollar ishlaydi. Ular to’qimachilikda, ipak tayyorlashda yordam berishadi. Asosan erkaklar og’ir ishlarda, rang bo’yashda. Endi erkaklar ham o’zimning akam, shogirdlarim, qo’ni-qo’shnilarim. Shunday ishlaymiz-da biz”.

Amerika ovozi: “Oila boqishga, tirikchilik qilishga kelganda…”

Rasuljon Mirzaahmedov: “Xudoga shukur, to’y qilayapmiz, mashina olayapmiz, imorat solayapmiz. 2007-yilda Marg’ilonda hunarmandchilik markazini ochgandik. Yil davomida markazimizda tayyorlagan mahsulotimizni yilda bir marta Santa-Fe festivaliga olib kelamiz”.

Amerika ovozi: “O’zbekistonda ishlayotganingizda qanday muammolar bilan yuzlashasiz? Sizga qanday yordam kerak?”

Rasuljon Mirzaahmedov: “Hunarmandchilikni 1997-yildan beri daromad solig’idan ozod qilib qo’ygan. Oilaviy tadbirkorman. Faqat oyda bir marta pensiya jamg’armasiga eng kam ish haqi miqdorida pul to’lab turaman. Qolgan hamma daromad soliqlaridan ozod qilinganmiz. Xomashyo topishda Marg’ilon ipaklar shahri bo’lgani uchun korxonalar bor. Xomashyo bo’yicha muammo yo’q. Amerikadan pulimni olib boraman, korxonadan ipakni sotib olaman, qolganini o’zim qo’limda, bo’yoqda ishlayman. Tabiiy bo’yoqlar bilan ishlayman. Bozordan piyoz po’chog’ini olib kelib, yong’oq po’chog’ida bo’yayman”.

Santa Fe xalqaro hunarmandlar festivalidan. Jim Arndt olgan surat.

Santa Fe xalqaro hunarmandlar festivalidan. Jim Arndt olgan surat.

Amerika ovozi: “Boshqa viloyatlarda ham hunarmandlar bor. Ular xomashyoni qanday qidirib topadi?”

Rasuljon Mirzaahmedov: “O’zim Buxoroda ikki yil ishlaganman. Buxoro to’qimachiligi, Buxoro a’lo baxmalini qayta tiklashda qatnashganman. Xivadagi Ichan qal’ada Olloqulixon madrasasida o’quv markazim bor. Surxondaryoning Boysun tumanida markazimiz bor. Mana shu markazlar bir-birimiz bilan aloqa qilib turamiz. Misol uchun, boysunlik hunarmandlarga rang zarur bo’lib qolsa, men bu yerdan Marg’ilondan jo’nataman. Ipak zarur bo’lib qolsa, u yoqqa jo’nataman. Buxorodan ip zarur bo’lib qolsa, Buxorodan olib kelaman. Bir-birimiz bilan rasmiy emas, norasmiy ravishda bog’lanib turamiz. Nima kamchiliklar bo’lsa, bir-birimizga topishib beramiz. Hozir qo’lim qo’limga tegmayapti. Butun Amerika ayollarini ham tayyor kiyim, tayyor ko’ylak, kurtkalar olib kiyim ketishayapti. Nafaqat kiyim, masalan, Nyu-Yorkda katta-katta kompaniyalar bor, shularga buyurtma olganmiz. Divan, kreslo, interyer dizayn uchun ham yetkazib berayapmiz. Dadam aytardilar, ipakka yaqin yursang kam bo’lmaysan, deb. Kam bo’lmadik”.

XS
SM
MD
LG