Breaking News

Xalqaro Olimpiya qo'mitasi Rossiyani jazolamaydigan bo'ldi


Qo'mita prezidenti Tomas Bax
Qo'mita prezidenti Tomas Bax

Xalqaro Olimpiya qo'mitasi Rossiya milliy terma jamoasini kelasi oy Rio-de-Janeyroda bo'ladigan Yozgi Olimpiadadan chetlashtirmaslikka qaror qildi.

Qo'mita 24-iyul kuni majlis qilib, Olimpiya o'yinlari dasturiga kiritilgan sport turlariga aloqador xalqaro federatsiyalar bu borada mustaqil qaror qabul qilishi kerakligiga kelishib oldi.

Dopingga qarshi xalqaro boshqarma Rossiya hukumatini o'z sportchilarining doping qabul qilganiga ko'z yumganlikda ayblab keladi. Tashkilotning so'nggi hisobotida aytilishicha, ayrim rossiyalik sportchilar 2014-yili Sochida bo'lib o'tgan Qishki Olimpiya o'yinlaridan oldin doping qabul qilgan, Moskvadagi laboratoriya esa bunday sportchilarning qilmishlarini yopishga uringan.

Agentlik Rossiya terma jamoasi va rasmiylarini Rio o'yinlaridan butunlay chetlashtirishga chaqirgan edi.

Prezident Vladimir Putin o'tgan hafta sport vazirligidagi ayrim rasmiylarni ishdan olish bilan birga anti-doping boshqarmasi hisobotini noxolislikda aybladi.

"Rossiyalik sportchilarga qarshi da'volar obro'si to'kilgan bir shaxs [Grigoriy Rodchenkov] ko'rsatmalari asosida shakllangan", - dedi u.

Putinning afsus bilan qayd etishicha, 1980-yilgi Moskva va 1984-yilgi Los-Anjeles Olimpiadalarida bo'lgani kabi siyosat yana sport bilan qorisihib ketdi.

Bir necha kun oldin Xalqaro yengil atletika federatsiyasi rossiyalik yengil atletikachilarni Yozgi Olimpiya o'yinlaridan chetlashtirishga qaror qilgan. XOQning bugungi qaroridan so'ng Rossiya terma jamoasining qolgan a'zolari taqdiri turli sport federatsiyalari qo'liga o'tdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG