Breaking News

Qochoqlar Yevropaga oqib kelishda davom etadi


Gretsiyadagi qochqin oila
Gretsiyadagi qochqin oila

Yevropaga bosh urib kelayotgan qochqin va migrantlar soni oxirgi oylarda o’tgan yilga qaraganda ikki karra qisqargan. Biroq Suriyada urush davom etar ekan, qochoqlar keti uzilmaydi, deya ogohlantiradi Xalqaro migratsiya tashkiloti. “Amerika Ovozi” tashkilot Bosh direktori Vilyam Leysi Sving bilan suhbatda bo’ldi.

O’rta dengizda bugun ularni kam uchratasiz. Arang suzayotgan, ana cho’kay-mana cho’kay degan qayiq va kemalar o’tgan yili bir milliondan ziyod qochqin va muhojirni Yevropaga eltdi.

Qish yaqinlashgani sari bu sayohat tobora xavfli tus olmoqda.

Ammo jon talvasasida Yevropaga bosh olib ketayotgan bu insonlarni xavf-xatar ham to’xtata olmaydi. Qochqinlar hozirgi sur’atda qit’aga kelishda davom etadi.

Ularni vatanidan haydayotgan bosh omil Suriyadagi urushdir.

“Odamlarni uy-joyini tashlashga majbur qilgan asosiy sabablar hanuz o’sha-o’sha. Suriyada sulh e’lon qilinganiga qaramasdan, ahvol og’ir. Demak, odamlar qochishda davom etaveradi”, - deydi Sving.

Yevropaga ketayotib nobud bo’layotganlar faqat Suriyadan emas. Yaqinda Misrdan 600 odam bilan yo’lga chiqqan qayiq suvga g’arq bo’ldi. 170 odamning, jumladan, ayollar va bolalarning jasadlari topildi.

“Fojea. Odamlar behudaga o’lib ketayapti. Chunki mavjud tartib-qoidalar muhojirlarni safarga olib chiqayotgan noqonuniy guruhlarga qo’l kelmoqda, shular pul qilayapti”, - deydi Sving.

Oy boshida Nyu-Yorkda o’tgan maxsus anjumanda jahon yetakchilari majlis qilib, har bir davlat ikki karra ko’proq qochoqni qabul qilishga va’da berdi. Amerika, xususan, 110 ming odamga boshpana bermoqchi.

“Bugun berilgan va’dalardan ko’nglim behad ko’tarildi. Necha-necha insonlarning hayotini saqlab qolishimiz mumkin. Biroq bugungi tanazzul yechimi uchun undanda ko’proq ish qilishimiz lozim”, - deydi Barak Obama.

Suriyada BMTga qarashli gumanitar karvon bombardimon qilinib, Suriya hukumati Halabda yana hujumga kirishgani ketidan yaqinda erishilgan sulh kuchini yo’qotdi.

Joriy yilda Yevropadagi qochoqlarning 28 foizini suriyaliklar tashkil etdi. Olti yildirki, urush tinmas ekan, ular oqib kelishda davom etadigan ko’rinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG