Ayova - AQSh prezident saylovlarida juda muhim shtat

  • Amerika Ovozi

Amerikada prezident saylovlariga hali bir yarim yil bor, ammo siyosiy partiyalar ichida yagona nomzodni tanlash uchun harakat avjida. Saylov mavsumini birinchi bo’lib boshlab beradigan Ayova shtatida da’vogarlar o’z qarashlarini bayon qilmoqdalar.

Ayova shtatining Sider Fols shahrida atigi 40 ming aholi yashasa-da, shu kunlarda bu Oq uy uchun poyganing markazidir. Respublikachilar partiyasidan da’vogarlar saylovchilar bilan uchrashib, ularning savollariga javob bermoqda - immigratsiya islohotidan tortib iqtisodgacha.

“Saylovchi sifatida Amerikaning dindan uzoqlashib ketayotganidan xavotirdaman”, - deydi Linda Morris.

Sider folslik bu saylovchi Arkanzas shtatining sobiq gubernatori, prezidentlikka nomzod Mayk Xakkabi bilan uyushtirilgan nonushtada qatnashdi.

“So’nggi sakkiz yilda to’g’ri yo’ldan og’ib ketdik”, - deydi u.

Konservativ saylovchi Kurtis Bartlet ham shunday fikrda. Bizga mamlakatdagi irqiy ziddiyatlarga barham bera oladigan prezident kerak, deydi u.

“Nega oqlar va qoralar bir joyga to’planib, o’tirib gaplashib olmaydi - biriga nima keragu boshqasiga nima?” deya so’raydi u.

Bartlet ayni jins vakillari orasidagi nikohga doir munozaralar ham uni tashvishga solishini aytadi.

Shahardagi o’rta maktabda Xakkabi va boshqa nomzodlar o’zaro bahs qilar ekan, maktab tashqarisida bir necha o’n odam shu mavzuda namoyish qildi. Senator Rik Santorum gomoseksual insonlar orasidagi nikohlarga qarshi konservativ saylovchilar bilan gaplashdi.

“Buni e’tiborga molik katta masala deb hisoblamayman”, - deydi bunday nikohlarni qo’llab-quvvatlovchi demokrat-nomzod Lin Brent.

Bu partiyadan hozircha yagona nomzod, sobiq davlat kotibi Xillari Klinton ham Sider Folsda bo’lib, tarafdorlari bilan muloqot qildi.

“Xillari yagona nomzod bo’lishiga kelishilganga o’xshaydi, lekin bunday emas degan umiddaman. Bahs-munozara bo’ladi, Xillari o’zini himoya qiladi, demokratik nomzodlar orasidan loyig’i tanlanadi deb umid qilaman”, - deydi Brent.

Ayovadagi kampaniya shunisi bilan ahamiyatliki, prezident saylovlari aynan shu shtatdan boshlanadi. Ilk natijalar nomzodlarning boshqa shtatlardagi ko’rsatkichlariga ta’sir qilishi mumkin.

Respublikachi nomzodlardan qay biri o’zini joriy yilda Ayovada yaxshi ko’rsata olsa, partiya ichidagi saylovda marra uniki bo’ladi. Biroq Kurtis Bartlet kabilar saylovchilar diqqati va moliyaga muhtoj nomzodlarning ko’payib borayotganidan tashvishda.

“Agar biror nomzod loyiq bo’lsayu, saylovchilar diqqat markaziga tushish uchun kampaniyasiga pul topolmasa, buning nimasi yaxshi?” - deydi u.

Pul ko’p bo’lsa, nomzodlar o’zini ko’proq reklama qilishi mumkin. Kuzatuvchilarga ko’ra, 2016-yil saylovlari qimmatligi jihatdan rekord qo’yishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG