Eron AQSh o'g'irlagan deb da'vo qilayotgan olim vataniga qaytmoqda

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar Shahram Amiriy o'g'irlanganini inkor etar ekan, yadro fizigi Amerikaga o'z xohishi bilan kelib, o'z xohishi bilan tark etayotganini aytadi.

Eron rasmiylarining aytishicha, bir yil oldin bedarak ketib, Vashingtonda paydo bo'lgan eronlik yadro fizigi vataniga qaytmoqda. Eron Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, Shahram Amiriy ismli yosh olim o'tgan yili Saudiya Arabistonida qo'lga olinib, AQSh razvedkasiga topshirilgan edi. Biroq Amerika Davlat kotibasi Xillari Klintonning ta'kidlashicha, Amiriy AQShda o'z xohishi bilan bo'lgan va istalgan payt ketishga haqli.

Dushanba kuni olim Vashingtonda Eron diplomatik vakolatxonasi yo'qligi sabab Pokiston elchixonasida ko'ringan.

Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Kroulining aytishicha, AQShda unga bosim o'tkazilmagan.

"Amiriy AQShga o'z xohishi bilan kelgan. Bu yerda ma'lum vaqt turdi. Qanchaligini ayta olmayman. Biroq Eronga qaytishni afzal ko'rdi", - deydi Krouli.

Davlat departamenti rasmiysi yosh olim AQShda hibsda bo'lmagan deb, u ayirboshlanayotgan bo'lishi mumkin, degan gaplarni inkor etdi. Eron hozirda uch amerikalikni ushlab turibdi, yana biridan darak yo'q.

Mart oyida AQSh matbuoti Amiriy AQShga qochib o'tib, Markaziy Razvedka Boshqarmasiga Eron yadro dasturi haqida ma'lumot ulashmoqda, deya xabar tarqatgan edi. Yana bir xabarga ko'ra, Eron hukumati uning oilasiga do'q-po'pisa qilgani uchun olim vataniga qaytishga majbur. Boshqa taxminlarga qaraganda, Eron hukumati AQSh va G'arbga o'z atom dasturi borasida soxta ma'lumot uzatish uchun Amiriydan foydalangan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, fizik-olim Qatar orqali vatanga qaytmoqda va Eronda ertaga bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG