Breaking News

Armaniston va Eron bir-biriga suyanchiq


G’arb Eronni yadro dasturi bois yakkalashga urinayotgan bir paytda Armaniston qo’shnisi bilan bordi-keldini yaxshilashga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro sanksiyalarni ham buzmoqchi emas.

Armaniston Eron bilan savdoni oshirmoqchi/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:42 0:00
Yuklab oling

Aholisi, asosan, xristianlardan iborat Armanistonda faqat bitta machit bor: “Eron machit”ini islomiy respublika 15 yil oldin qayta ta’mirlab bergan.

Bu majmuada fors tilidan darslar o’tiladi. Masalan, musulmon dunyosidan martabali mehmonlar, Erondan prezident Mahmud Ahmadinajod kelib qolsa, albatta, shu machitni ziyorat qilib ketadi. U taxminan bir yil oldin Yerevanda bo’lib, prezident Serj Sarkisian bilan ko’rishgan edi.

G’arb Tehronni chetlatib, yadroviy izlanishlari aslida ommaviy qirg’in qurolini yaratishga qaratilgan, deb hayiqib keladi. Eron buni inkor etmoqda. Lekin Armaniston ikki tarixiy dushmanning qoq o’rtasida joylashgan – g’arbda Turkiya, sharqda esa Ozarbayjon.

Armaniston ikkisi bilan na savdo, na diplomatik aloqaga ega. O’rniga armanlar xristian qo’shnisi Gruziya bilan oldi-sotdi qiladi. Endi esa janubda Eron bilan savdo va sarmoya ko’lamini oshirmoqchi.

“Armaniston bilan muomala qilayotganda Eron o’zini qulay his qiladi. Eron hukumati uchun gaplashish oson armanlar bilan. Tehron bu rishtalarni mustahkamlamoqchi”, - deydi Richard Giragosian, Yerevandagi tahlil markazi rahbari.

“Armaniston nuqtai nazaridan qarasak, yakkalanib qolgan bu davlat Eronni tushunadi. Har ikkisi raqib, dushman mamlakatlar qurshovida yoki sanksiyalar, blokada ta’sirida yashashga majbur”, - deydi u.

Armaniston va Eronning chegarasi chamasi 35 kilometr. Hududiy va iqtisodiy o’lchamlari jihatidan Eron Armanistondan 50 ta keladi. Ikki mamlakatni tog’li hududdan o’tuvchi katta yo’l bog’lab turadi. Bu yo’l hamisha tirband, xatarli va Armaniston boshqa usullarni qidirayapti.

Eron bo’yicha ekspert Gohar Iskandarian so’zlariga ko’ra, hozirda Armanistonning sovetlar davrida qurila boshlagan temir yo’lini janub tomon uzaytirish ustuvor masala.

“Armaniston yetarli mablag’ jamg’arsa, Eron tomon relslar yotqizishi mumkin va shu tariqa Hind okeani va Fors ko’rgaziga chiqa oladi”, - deydi Armanistondagi Ilm-fan akademiyasi eksperti Iskandarian.

Olti yil oldin arman xonadonlarini Eron gazi isita boshladi. Endi esa Armaniston va islomiy respublika neft quvuri barpo etib, chegarada ikkita GES qurmoqchi.
Yakkalanib qolgan bu davlatlar bir-birini tushunadi. Har ikkisi raqib, dushman mamlakatlar qurshovida yoki sanksiyalar, blokada ta’sirida yashashga majbur.


Ammo Tehron yadro dasturiga qo’yilgan sanksiyalar sababli bu loyihalar qog’ozda qolishi hech gapmas, deydi Iskandarian.

Sanksiyalar Eron iqtisodiyotiga ziyon qilib, Armaniston bilan savdo rishtalarini uzib qo’ygani rost, lekin:

“Eron, masalan, laptoplar, atir-upa, hatto shokolad kabi mahsulot importini cheklab qo’ygan”, - deydi Giragosian.

“Bu esa qora bozorda savdo yurishdi degani. Armanistonga kelgan eronlik sayyohlar taqiqlangan bu mahsulotni xarid qilib, vataniga olib o’tish yo’llarini izlayapti”, - deydi u.

Ko’p eronliklar Armanistonda ko’chmas mulk xarid qilishga o’tgan. Mamlakat yadro dasturi atrofidagi mojaro urushga aylansa, qochishga joy bo’lishi uchun.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG