Eron AQSh bilan shartsiz muzokaraga tayyor

  • Amerika Ovozi

Eron AQSh bilan shartsiz muzokaraga tayyor

Eron AQSh bilan shartsiz muzokaraga tayyor

Eron Tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Solihiyning aytishicha, Eron Qo'shma Shtatlar bilan yadro dasturi borasida hech bir shartsiz muzokara qilishga tayyor. Solihiy bu haqda bugun Turkiyaga safari chog'ida so'zlagan.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Viktoriya Nulandning aytishicha, Qo'shma Shtatlar P5+1 guruhi doirasida muloqotni jonlantirishga qarshi emas, agar Eronning niyati jiddiy bo'lsa. Guruhga BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a'zosi va Germaniya kiradi. So'nggi muloqot o'tgan yili bo'lgan.

Eron rasmiylaridan birining aytishicha, prezident Barak Obama Eronga maktub yo'llab, bevosita muzokaraga chaqirgan. Obama ma'muriyati ma'lumotni tasdiqlagani yo'q.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining aytishicha, masala yechimi ko'p tomonlama muzokaralarda. Solihiyning aytishicha, kelajakdagi muzokaralar Istanbulda o'tishi kerak. Ammo Karnining aytishicha, bu haqda hali gap bo'lgani yo'q.

Bu o'rtada Xitoy Fors ko'rfazida vaziyat taranglashayotganidan xavotir bildirgan.

"Hozirgi ahvol Eron yadro dasturi bilan bog'liq muammolarni hal etishga halaqit beradi", - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lyu Vaymin.

Rasmiy Pekin nazarida munozarani muloqot yo'li orali hal qilish kerak. Rossiya va Xitoy Xavfsizlik Kengashida Eronga nisbatan jazo choralarining kuchaytirilishiga qarshi chiqib keladi. Biroq shu bilan birga rasmiy Pekin Eronni Xo'rmuz bo'g'ozini yopmaslikka chaqirmoqda.

Yevropa Ittifoqi Eron atom dasturini moliyaviy imkoniyatlardan ayirish maqsadida bu davlat neft eksportlarini cheklash ustida o'ylanar ekan, rasmiy Tehron javob tariqasida bo'g'ozni yopishga do'q-po'pisa qilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG