Breaking News

Eron bilan kelishuv Shimoliy Koreya masalasiga ta'sir qiladimi?


Shimoliy Koreyada uchinchi atom bombasi sinovi muvaffaqiyatli o'tkazilgani munosabati bilan parad. Pxenyan. 2013-yil
Shimoliy Koreyada uchinchi atom bombasi sinovi muvaffaqiyatli o'tkazilgani munosabati bilan parad. Pxenyan. 2013-yil

Eron bilan yadroviy kelishuv Shimoliy Koreya yadroviy masalasiga ta’sir qilishi mumkin, deydi AQSh mutaxassislari.

AQSh yetakchiligida ikki yil davom etgan muzokaralardan so’ng Eron va dunyoning qudratli davlatlari Tehronning atom bombasini ishlab chiqarish qobiliyatini cheklashga va buning evaziga Tehronga nisbatan kiritilgan xalqaro sanksiyalarni bekor qilishga kelishib oldi.

Bundan keyin Shimoliy Koreya AQSh bilan yadroviy masalada kelisha olmayotgan yagona davlat bo’lib qolmoqda. Vashington va Pxenyan o’rtasidagi diplomatik muzokaralar hech qanday natija bermay, 2008-yilda to’xtab qolgan edi.

Shimoliy Koreya kamida uch marta atom bombasi sinovlarini o’tkazgan va yadroviy imkoniyatlarini kengaytirib keladi.

Eskpertlar fikricha, Eron bilan so’zlashuvlarning ijobiy yakun topgani Shimoliy Koryea bilan ham shunday bo’lishini anglatmaydi, chunki ikki masala bir-biridan ko’p jihatdan farq qiladi.

San-Diegodagi Kaliforniya universiteti professori Stiven Haggard fikricha, Pxenyan uchun Eron bilan kelishuv ijobiy mazmunga ega emas.

“Menimcha, Eron bilan shartnoma Shimoliy Koreyaga hech ta’sir qilmaydi yoki salbiy ta’sir qiladi. Kelishuvga ko’ra, sanksiyalarni bekor qilish evaziga Eron inspeksiyalarga ruxsat berdi. Shimoliy Koreya uchun bu salbiy holat”, - deydi Haggard.

Uning aytishicha, iqtisodi neft eksportiga bog’liq Erondan farqli o’laroq, Shimoliy Koreyaga xalqaro sanksiyalar jiddiy ta’sir qilmagan. Shimoliy Koreya Xitoy bilan savdo olib boradi va bu masalada himoyalangan.

Osiyoshunos Gordon Chan fikricha, Pxenyan Vashington bilan muzokara olib borishga shoshilmaydi.

“Pxenyandagi rahbariyat biz bilan muzokara olib bormaydi, chunki ularda bomba ham bor, uzoq masofali raketalar ham,” – deydi u.

Ammo vaqt o’tgan sari Shimoliy Koreya yadroviy dasturiga e’tibor kuchayaveradi.

“Yaqin kelajakda agar Eron bilan kelishuv yaxshi amal qilsa, AQShning yangi ma’muriyati va xalqaro hamjamiyat Shimoliy Koreyaga kattaroq e’tibor berishga qaror qilishi mumkin”, - deydi AQSh Davlat departamentining Shimoliy Koreya bo’yicha sobiq xodimi Devid Strob.

Anjelo davlat universiteti professori Bryus Bechtol ham shunday fikrda.

“AQSh Eron bilan kelishuvdan keyin Shimoliy Koreya bilan so’zlashuvlarni qayta boshlashga urinishi mumkin”, - deydi u.

Davlat departamentining yana bir sobiq xodimi Mitchell Reys Eron bilan shartnomadan keyin Pxenyan Vashington bilan kelishuvga erishish mumkin, degan fikrga kelsa ajab emas, deydi.

“Shimoliy Koreya rahbariyatidagi yadroviy shartnoma tarafdorlari AQSh bilan muzokaralar uzoq va qiyin bo’lsa-da, murosaga olib keladi, deyishi mumkin”, - deya fikr bildiradi Reys.

Eron bilan erishilgan shartnomadan keyin AQSh hatto ziddiyatlarga to’la munosabatlarga nuqta qo’yish mumkinligini namoyish qildi, deydi rasmiylar.

“Biz muzokaralarga tayyormiz - agar ular samimiy va ishonchli bo’lsa va yadroviy dasturning mutlaq to’xtatilishini nazarda tutsa”, - dedi Davlat departamenti so’zlovchisi Jon Kirbi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG