Respublikachilar Eron bilan imzolangan bitimga ovoz bermasligi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

Senator Jeff Fleyk

Senator Jeff Fleyk

AQSh Kongressidagi respublikachi qonunchilar Eron bilan imzolangan yadroviy bitimga qarshi ovoz berishini bildirmoqda. Ayni damda Kongress kelishuvni ko'rib chiqmoqda. Prezident Barak Obama qonunchilarni uni qo'llab-quvvatlashga chaqirmoqda.

Senatda respublikachi qonunchi Jeff Fleyk Eron bilan muzokara jarayoni tarafdoriman, ammo bitimga qarshi ovoz beraman, deydi.

Fleyk Eronning atom izlanishi bobidagi faoliyatini bir muddatga cheklash harakatlarini ijobiy deb bilsa-da, kelishuvning Kongressga va bo'lajak prezidentlarga Eronning mintaqadagi nojo'ya harakatlariga munosabat bildirish vakolatini qisqartirishidan norozi.

"15 yillik cheklovdan so'ng Tehronning atom dasturiga bo'lgan yondashuvi o'zgarishiga umid qilish mumkin, albatta, biroq Eron mintaqadagi siyosatini ertagayoq o'zgartiradi deb, ta'sir vositalaridan voz kechish to'g'ri emas", - deydi senator.

Eron bilan kelishuv sentabr oyida Kongressda ovozga qo'yiladi. Agar qonunchilar hujjatni qo'llab-quvvatlamasa, Eronga qo'yilgan sanksiyalar bekor qilinmaydi, vaholanki, Tehron ana shu shart bilan bitimni imzolashga rozi bo'lgan edi.

Shunday bo'lgan taqdirda Prezident Obama veto huquqidan foydalanishini aytib keladi. Undan o'tish uchun qonunchilarning uchdan ikki qismi vetoga qarshiligini bildirishi kerak, ya'ni demokratlarning bir qismi ham.

Ayni damda Senatda 100 a'zodan 54 tasi respublikachi bo'lib, vetoni bekor qilish uchun kamida 13 ta demokrat senator ham bitimga qarshi ovoz berishi kerak. Hozircha yolg'iz bir senator - Chak Shumer shunday qilishini aytgan.

Vakillar palatasida esa 435 o'rindan 247 tasi respublikachilarda. Ular kamida 43 demokrat qonunchining ovoziga muhtoj, biroq hozircha 10 nafari Eron bilan bitimga qarshi ovoz berishini bildirgan, 46 tasi kelishuvni qo'llab-quvvatlashini aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG