Eron rahbari 32 yilda ilk bor Misrga bordi

  • Amerika Ovozi

Misr prezidenti Muhammad Mursiy (o'ngda) Eron rahbari Mahmud Ahmadinejod bilan Qohirada uchrashmoqda, 5-fevral, 2013-yil

Misr prezidenti Muhammad Mursiy (o'ngda) Eron rahbari Mahmud Ahmadinejod bilan Qohirada uchrashmoqda, 5-fevral, 2013-yil

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod bugun Qohirada. Eron rahbari 1980-yilda Misr va Eron o’rtasida diplomatik aloqalar uzilganidan beri ilk bor bu mamlakatga tashrif buyurmoqda. Misr prezidenti Muhammad Mursiy Ahmadinejod bilan aeroportda quchoq ochib ko’rishgan.

Ikki davlat o’rtasida hamkorlikni rivojlantirishga yo’l ochaman, degan edi Ahmadinejod safardan bir kun oldin. Eron rahbari Qohirada bo’ladigan Islomiy hamkorlik tashkilot sammitida ishtirok etadi. Ahmadinejod bugun Al-Azhar universitetida ham bo’ladi.

Ikki davlat aloqalari Eron islomiy inqilobidan so’ng, Misr Isroilni tan olgach, uzilgan edi. Diplomatik munosabatlar to’laligicha tiklanmagan hali, biroq Ahmadinejodning bugungi tashrifi jarayonni tezlatishi kutilmoqda.

Ahmadinejodning aytishicha, agar Eron va Misr Falastin masalasida fikrini uyg’unlashtirsa, mintaqaning siyosiy jug’rofiyasiga jiddiy o’zgarish kiritsa bo’ladi.

Misr rahbari o’tmishda “Musulmon birodarlar” harakatining sobiq rahbari sifatida Falastindagi XAMAS guruhi bilan yaqin aloqada bo’lgan. Shunga qaramay prezidentlikka kelgach, Mursiy Isroil bilan tinchlik bitimiga rioya qilamiz, degan.

Eron va Misr Suriya masalasida hamfikr emas. Tehron Misr, Liviya, Bahraynda xalq isyonlarini olqishlagan bo’lsa-da, Suriya masalasida hukumat tarafida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG