Eronda saylov uchastkalari yopildi

  • Amerika Ovozi

Eron xalqi prezidentlik saylovida ovoz berdi, saylov uchastkalari yopilgan. Guvohlarning aytishicha, jarayon hukumatning sinchkov kuzatuvi ostida o’tgan.

Axborot agentliklari avvalroq fuqarolar juda faol ekani, saylov uchastlarining ish soati uzaytirilgani haqida xabar qilgan. Hisoblarga ko’ra, Eronda saylov yoshidagilar 55 million atrofida.

Aholi diniy peshvolar tasdig’idan o’tgan olti nomzoddan birini tanlashi kerak. Da’vogarlarning aksariyati amaldagi hukumatni yoqlovchi, oliy diniy rahnamoga sodiq arboblar.

Oyatulla Ali Xomeneiy bugun kunduzi Tehronda ovoz bergan. Qo’shma Shtatlarning mazkur saylovlar borasida tanqidini rad etar ekan, u “AQSh xohishi bilan yashasak, yutqizamiz” degan.

Prezident saylovlari munosabati bilan islomiy respublikada chegaralar mudofaasi kuchaytirilgan, hukumat tandiqchilari ustidan nazorat oshirilib, ayrim jurnalistlar hibsga olingan. Aksariyat xorij axborot agentliklari jarayonni yoritish uchun viza olishga murojaat qilganida Tehrondan biror javob ololmagan.

Yangi rahbar ikkinchi muddatini yakunlayotgan Mahmud Ahmadinajodning o’rniga keladi. Tahlilchilar nazarida poygada Said Jaliliy g’alaba qozonish ehtimoli yuqori. Lekin oxirgi kunlarda mo’taqil qarashlari bilan tanilgan, o’tmishda yadro dasturi bo’yicha xalqaro muloqotga boshchilik qilgan Hasan Rovhaniy reytinglarda ildamlagan.

Eronda hozir yadroviy izlanishlarga qarshi joriy etilgan xalqaro sanksiyalar natijasida iqtisodiy ahvol og’ir, ishsizlik va inflyatsiya darajasi yuqori. Ayrim nomzodlar jahon hamjamiyati bilan rishtalarni yaxshilashga da’vat etsa-da, tashqi siyosatga doir asosiy qarorlarni oyatulla qabul qiladi. G’olib nomzod 50 foiz ovoz jamg’arishi lozim. Biror kishi yetarli natijaga erishmasa, saylovning ikkinchi bosqichi o’tkaziladi.

AQSh hukumati so’zlovchisi Jennifer Psakining aytishicha, Erondagi saylovlarni xalqaro talablarga mos, demokratik deb bo’lmaydi.

“Davlat kotibi Jon Kerri ta’rifi bilan aytganda, bu saylovlar erkin, adolatli, oshkora emas. Nomzodlar ro’yxatini, bilamizki, ishonchga loyiq bo’lmagan, jamoatchilik tomonidan tayinlanmagan bir kengash tuzgan. Eronliklar mana shular orasidan ma’qulini tanlashga majbur”, - deydi Davlat departamenti matbuot kotibi.

Qo’shma Shtatlar saylov paytida Eronda nazorat oshgani, internet ustidan kuzatuv kuchayganini tanqid qilmoqda.

Yirik namoyishlar va to’qnashuvlarga boy 2009-yilgi poygalar bilan qiyoslaganda, bu gal Eronda xavfsizlik xizmati, politsiya shay ekani kuzatiladi. Saylovoldi kampaniya ham qattiq nazorat ostida o’tgan. Rasmiy Tehronning bildirishicha, joriy poygalar xolis o’tayapti va xorij tanqidi ortida siyosiy maqsadlar turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG