Yevropa Ittifoqi Eron neftiga embargo qo'ydi

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqi Eron neftiga embargo qo'ydi

Yevropa Ittifoqi Eron neftiga embargo qo'ydi

Yevropa Ittifoqiga a'zo 27 davlat tashqi ishlar vazirlari bugun Bryusselda uchrashib, Eron neft eksportiga embargo qo'yishga kelishib oldi. Yevropa davlatlari bu bilan Eron atom dasturini moliyadan ayirmoqchi.

AQSh va G'arb nazarida rasmiy Tehron yadro quroli ustida ishlamoqda, ammo islomiy respublika dastur elektr quvvatini olish va tibbiy izlanish uchun ekanini aytadi.

Eron bilan shartnomasi bor ittifoq a'zolariga 1-iyulgacha bitimni bekor qilish buyurilgan. Ungacha esa Gretsiya kabi davlatlar yangi ta'minotchilarni topishi kerak bo'ladi.

Yevropa Ittifoqi Eron Markaziy Bankining qit'adagi hisob raqablarini ham muzlatib, islomiy respublikadan oltin va boshqa rangli metallarni sotib olishni ham to'xtatishga qaror qildi.

Mutaxassislarga ko'ra, AQSh va Yevropa sanksiyalari oqibatida Eron milliy valyutasi - riyol qadri tushdi.

Eron parlamenti a'zosi Muhammad Ismoil Kovsariy Yevropa Ittifoqi sanksiyasini qoralab, Eron Xo'rmuz bo'g'ozini yopishga majbur bo'lishini aytdi. Tor bo'g'oz orqali mintaqa nefti jahon bozoriga olib chiqiladi.

Yana bir deputat Ali Adiyanining aytishicha, Yevropa Ittifoqi embargosining Eron iqtisodiyotiga ta'siri bo'lmaydi, chunki neftga xaridor doim topiladi. Bundan itifoqqa a'zo 27 davlat zarar ko'radi xolos, deydi u.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham embargo qarorini tanqidga oldi. Uning aytishicha, bir tomonlama jazo choralari Eron atom dasturiga doir muzokaralarni jonlantira olmaydi.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG