BMT: Eron inson huquqlari buzg'unchisi

  • Amerika Ovozi

BMTning Eronda inson huquqlari bo’yicha maxsus vakili Ahmad Shohid

BMTning Eronda inson huquqlari bo’yicha maxsus vakili Ahmad Shohid

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Eronda inson huquqlari bo’yicha maxsus vakili Ahmad Shohidning aytishicha, islomiy davlatda bu borada ahvol yomon, Eron o’lim jazosini qo’llash bobida dunyoda yetakchilardan.

BMT rasmiysi Nyu-Yorkda jurnalistlar, diplomatlar va huquq faollari oldida hisobot berdi. Uning aytishicha, bu mamlakatda adolatsiz sudlar, muxbirlarga bosim, diniy va etnik ozchilikdagi guruhlar vakillarini ta’qib etish va boshqa qonunbuzarliklar davom etmoqda.

"Eronda inson huquqlari ahvoli yaxshilanganini ko’rmadim. Aksincha, vaziyat yomonlashmoqda. Qiynoqqa solishlar haqida ma’lumot bor. Va bu hol deyarli tekshirilmaydi, qonun buzg’unchilariga qarshi chora ko’rilmayapti", - deydi Ahmad Shohid.

Diplomat hisobiga ko’ra, joriy yilning birinchi yarmida Eronda 300 dan ziyod odam qatl etilgan. Inson huquqlari faollariga muomala yomon.

BMT vakili Eronga kirish uchun ruxsat berilmaganidan va ahvolni o’z ko’zi bilan ko’rish imkoniga ega bo’lmaganidan nolimoqda. Uning aytishicha, mamlakatda inson huquqlariga doir hisobot 240 nafar jabrdiyda bilan bo’lgan suhbat asosida tayyorlangan.

Hujjat shu hafta BMTga taqdim etiladi. Rasmiy Tehron uni asossiz va bir tomonlama deb, ortida siyosiy sabab borligini aytadi.

G’arb davlatlari va Qo’shma Shtatlar Eronni yadro quroli ustida ishlayotganlikda ayblab, qator sanksiyalar joriy etgan. Ayrimlar nazarida jazo choralaridan foyda yo’q, oddiy xalq azob chekmoqda, xolos.

BMT ning inson huquqlari bo’yicha maxsus vakili Ahmad Shohid masalaning bu tarafini o’rganib chiqishini bildirdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG