AQSh: Eron Iroq haqidagi rejalarini unutsin

  • Amerika Ovozi

AQSh: Eron Iroq haqidagi rejalarini unutsin

AQSh: Eron Iroq haqidagi rejalarini unutsin

Barak Obama ma'muriyati Iroqda qo'shinlarni uzoqroq qoldirishga kelisha olmagach, askarlar yil oxirigacha mamlakatni tark etishga majbur.

Ayrim tahlilchilar nazarida Eron bundan foydalanib, qo'shni Iroqqa ta'sirini kuchaytirishi mumkin.

Shunday bo'lsa, Eronning AQSh va Saudiya Arabistoni bilan tarang aloqalarini hisobga olgan holda mintaqada vaziyat keskinlashishi mumkin.

AQSh qo'shinlari soni mintaqada kamayishi bilan Eron bo'shagan geosiyosiy pozitsiyaga da'vo qilishi mumkin bo'ladi. Ammo, deydi kuzatuvchilar, bu AQSh va Saudiya Arabistoni qarshiligiga uchrashi aniq.

Razvedka ma'lumotlari bilan ishlovchi "Stratfor" xususiy firmasi rahbari Jorj Fridmanning aytishicha, Eron bunday imkoniyatdan foydalanmoqchi.

"Ammo bu davlatning Saudiya Arabistoni bilan ziddiyatli aloqalarini hisobga oladigan bo'lsak, bu ish oson bo'lmasligi mumkin".

Fridman Eron agentlarining Saudiya elchisini o'ldirmoqchi va elchixonasini portlatmoqchi bo'lgani haqidagi AQSh matbuotidagi xabarlarni misol tariqasida keltiradi. Eron bu ayblovlarni inkor etgan.

Qo'shma Shtatlar Iroq xavfsizlik kuchlarini tayyorlash uchun kichik sonli qo'shinlarni qoldirmoqchi bo'lib rasmiy Bag'dod bilan muzokara qilgan, ammo uddasidan chiqa olmadi. AQSh askarlari uchun daxlsizlik so'ragan, ammo rad javobini olgan.

Amerika Mudofaa vaziri Leon Panettaning aytishicha, askarlar Iroqdan chiqqani bilan mintaqada qoladi.

"Eron yoki shunday rejasi bor boshqa davlatlar bilsinki, regionda 40 ming qo'shinimiz bor, Quvaytda 23 ming va yana boshqa joylarda ham. Dunyoning bu qismidan ketish niyatimiz yo'qligini barcha bilib qo'ysin", - deydi vazir Panetta.

Ba'zi xabarlarga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Fors ko'rfazi mintaqasida qurolli kuchlarini ko'paytirmoqchi. Masalan, Iroqdan chiqqan harbiylarning bir qismini va qo'shimcha jangovar kemalarni Quvayt va uning atrofidagi yaqin joyga ko'chirish rejasi ko'rib chiqilmoqda.

Qo'shma Shtatlar Iroqni 2003-yilda istilo qilganidan beri Eron aralashuvidan ogoh bo'lib keladi. Iroqning uchdan bir qismini sunniylar, qolganini shialar tashkil etadi. Qo'shni Eron esa shialardan iborat islomiy respublika, ulamolar kengashi boshqaradi. Saddam Husayn paytida Iroqda dunyoviy tuzum hukm surgan. Iroqlik shia yetakchilari Saddamdan qochib Eronda yashar edi.

Ammo AQShning Suriyadagi sobiq elchisi Teodor Kattuf nazarida Eronda ham, Iroqda ham hokimiyat shialar qo'lida bo'lgani bilan ikki davlat bir-biri bilan chiqisha oladi degani emas.

"Eronliklarning asosiy qismi forslar, iroqliklar esa arab. 1980-yillarda sakkiz yil bir-biriga qarshi urush qilgan. Eron-Iroq urushidan olingan chandoqlar hali bitmagan. Ikki xalq bir diniy oqimga e'tiqod qilgani bilan, diniy yetakchilari bir emas", - deydi sobiq elchi.

Iroq urushi boshida AQSh Eronni bu mamlakatdagi shialarni qurol bilan ta'minlaganlikda ayblagan edi. Saddam Husayn tuzumi ag'darilgach, rasmiy Tehron qo'shni davlatga siyosiy va iqtisodiy ta'sirini o'tkazayotgani haqida ham xabarlar chiqqan edi. Bundan nafaqat AQSh, balki mintaqadagi boshqa davlatlar ham tashvishda. Masalan, sunniy sulola hukmronligi ostidagi Saudiya Arabistoni qirolligi.

Yaqin Sharq Instituti tahlilchisi Aleks Vatankaning aytishicha, mintaqada mojaro yuzaga kelgudek bo'lsa, Eron va Saudiya Arabistoni qarama-qarshi tomonda turadi.

"Saudiya Arabistoni Saddam Husaynni Eronga qarshi urushda qo'llab-quvvatlagan. Ikki davlat o'rtasidagi adovat zaminida ham shu. So'ng raqobatni 1990-yillarda Afg'onistonda ko'rdik. Hozir esa Livanda. Eron Falastindagi bir guruhni, qirollik esa boshqasini qo'llab-quvvatlaydi. Doim bir-biriga qarshi. Iroq ham bundan mustasno emas", - deydi Vatanka.

Iroqlik shialar arab bo'lgani bilan asosan sunniy bo'lgan arab dunyosidan o'zini begonaday his qiladi, deydi tahlilchi.

"Saudiya Arabistoni iroqliklarga avvalambor arab emas, shia deb mazhabiga e'tibor bergani ularni Eron bilan yaqinlashishga majburlamoqda", - deydi Vatanka.

Ammo Eronda Iroq bilan shug'ullanish uchun kuch-quvvat bormikan, deydi ba'zi mutaxassislar. Ichki noroziliklardan tashqari rasmiy Tehron yadro dasturi yuzasidan xalqaro bosim ostida. Ustiga-ustak, prezident Mahmud Ahmadinejod va Oliy diniy yetakchi Oyatullo Ali Xomeneiy munosabatlari taranglashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG