Isroil Eronga shu yili hujum qilishi mumkin, deydi tahlilchilar

  • Amerika Ovozi

Isroil Eronga shu yili hujum qilishi mumkin, deydi tahlilchilar

Isroil Eronga shu yili hujum qilishi mumkin, deydi tahlilchilar

So'nggi oylarda Isroilda Eron yadro inshootlariga zarba berish haqida ko'p gapirilmoqda. Eron yadro quroli ustida ishlamoqda va uni Isroilga qarshi qaratadi, degan xavotirlar mavjud. Ayrim xabarlarga ko'ra, Isroil shu yili Eronga hujum qilishi mumkin.

Isroil nazarida Eron unga qarshi tish qayrayapti. Yadro qurolini qo'lga kiritgach, unga nisbatan ishlatadi. Buning oldini olish maqsadida Isroil rahbariyati birinchi bo'lib hujum qilishga tayyor. Garchi xalqaro hamjamiyat shunday qarorga kelmasa ham.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning aytishicha, yadro quroliga ega Eron dunyo uchun tahdiddir.

"Avvalambor bu Isroilga tahdid, so'ng mintaqa va butun dunyoga. Eronga atom quroliga erishishga yo'l qo'ymaslik kerak", - deydi Netanyaxu.

Ammo Isroil buni qanday uddalaydi? So'nggi kunlarda matbuotda shu mavzuda ko'p maqolalar chiqdi. Isroil Mudofaa vaziri Yahud Barakning aytishicha, harbiy hujumni yil oxiriga qoldirmasdan amalga oshirish zarur.

Mutaxassislar fikricha, Eron yadro inshootlarini tashqi zarbadan himoya qilish maqsadida ularni yer ostiga ko'chirmoqda. Bu davlat rahbarlari qurol tayyorlamayapmiz, atom dasturi tibbiy izlanish va elektr quvvati olish uchun kerak, demoqda.

Hujumga uchragan taqdirda Eron jim turmasligini aytmoqda. Islomiy respublika Isroil va Yevropaga yeta oldigan ballistik raketalarga ega. Bir mutaxassisning aytishicha, hozir Eron AQShgacha ucha oladigan raketa ustida ham ishlamoqda.

Eron bo'yicha ekspert Deyvid Menashri deydiki, Isroil hujumi oqibatida mintaqada vaziyat izidan chiqishi mumkin.

"Oqibati yaxshi bo'lmaydi. Yaqin Sharq tinch bo'lsin desak, muammoga o'zgacha yechim topish kerak. Aminmanki, boshqa chora mavjud", - deydi Menashri.

Tahlilchi nazarida Eron muzokaraga qaytmaguncha sanksiya va xalqaro bosimni oshiraverish zarur.

Qo'shma Shtatlar va Yevropa shu kungacha Eronga bir necha sanksiya qo'ydi. Jumladan, Markaziy banki va neft eksportiga cheklovlar joriy etildi.

Bunga javoban Eron Yevropani neftdan ayirishini va Xo'rmuz bo'g'ozini yopib qo'yishini aytdi.
Ba'zi tahlilchilarga ko'ra, Isroil Eronga qarshi hujumni yolg'iz amalga oshirmoqchi emas. Eron atom dasturi tahdidi haqida munozarani qizdirib, Isroil jahon hamjamiyati fikrini unga qarshi shakllantirmoqda.

Ammo matbuotdagi ayrim xabarlarga ko'ra Isroil rahbariyati sanksiya kuchiga ishonmaydi.

Tarixchi professor Martin van Kreveld nazarida Isroil harbiy hujumi bilan Eron yadro dasturini yo'q qila olmaydi, uni bir necha yilga kechiktirishi mumkin xolos. Eron baribir kelajakda yadro qurolini ishlab chiqarish salohiyatiga ega bo'ladi, deydi olim.

"Yadro dasturi bilan bog'liq vaziyatdan, sanksiyalardan, xalqaro hamjamiyat tanbehlaridan charchagan Eron bir kun kelib atom quroli kerakligini tushunib yetishi va uni yaratishga zo'r berishi mumkin", - deydi van Kreveld.

Mutaxassislar fikricha Isroil uchun Eronga qarshi operatsiyani rejalash oson bo'lmaydi. Ming kilometrlik masofani bosib o'tish uchun Isroil harbiy samolyotlari yoqilg'i uchun yo'lda to'xtashi, Eronga qo'shni davlatlar ustidan uchib o'tishi kerak bo'ladi.

Isroilda o'tkazilgan ommaviy so'rov natijasiga ko'ra, aholining 43 foizi Eronga qarshi hujum rejasini yoqlaydi, 41 foizi unga qarshi.

BMT qoshidagi Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik inspektorlari Eronda. Inspektorlar yadro dasturi haqida imkon qadar ko'proq ma'lumot olmoqchi va eng asosiysi dasturning harbiy tomoni bor-yo'qligini bilmoqchi.

Agentlikning o'tgan yil tayyorlangan hisobotida Eron yadro quroli ustida ishlayotgan bo'lishi mumkin, deya taxmin qilingan. Rasmiy Tehron nazarida hisobot noaniq ma'lumotlar asosida ishlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG