Obama: Eron masalasini urush emas, diplomatiya orqali hal qilaylik

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obamaning ta’kidlashicha, Eron qo’liga yadro quroli tushmasligini ta’minlash uchun AQSh har narsaga tayyor, ammo diplomatiya birinchi o’ringa qo’yiladi.

Amerika rahbari Isroilga yon bosuvchi, Vashingtondagi eng kuchli lobbichi tashkilot a’zolari oldida nutq so’zladi. AYPEK (AIPAC), AQSh-Isroil aloqalari qo’mitasi Kongressda ko’plab tarafdorga ega. Ham respublikachilar, ham demokratlar orasida.

Barak Obamaning ta’kidlashicha, AQShning Isroildan yaqinroq ittifoqchisi yo’q.

“Erondan kelayotgan tahdidni bartaraf etish, uni yadroviy maqsadlaridan qaytarish uchun ham sanksiya, ham diplomatiyani ishga solayapmiz”, - deydi u.

Prezident ta’biricha, hozir urush boshlaymiz deb do’q-dag’dag’a qiladigan payt emas.

“Bunday gaplar Eron hukumatiga qo’l kelayapti. So’nggi haftalar davomida neft qimmatlashib, islomiy respublika bundan katta daromad ko’rayapti. Sanksiyalar ish berishini kutamiz, xalqaro hamjamiyat bu masalada birgalikda harakat qilayapti”, - deydi u.

Atom dasturi iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim ekanini ta’kidlab kelayotgan Eron muzokaraga tayyor ekanini aytib keladi, lekin doimo qandaydir shartlar bilan.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bugun Oq uyda mehmon. Vaqtni boy beryapmiz, deya keskin choralarga ishora qilmoqda.

“Eron Qom shahridagi yerosti yadroviy inshootini yopishi, uran boyitishni to’xtatishi va yadro yonilg’isini uchinchi bir davlatga topshirishi shart”, - deydi Netanyaxu.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod “yahudiy davlatini xaritadan yo’q qilish kerak” deya ko’p marta bayonotlar qilgan. Netanyaxu fikricha, hozir tahdidning oldi olinmasa keyin kech bo’ladi.

Urush Qo’shma Shtatlar uchun eng so’nggi chora. Vashington ittifoqchisini shoshmaslikka undamoqda.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Avidgor Libermanning qayd etishicha, Suriyadagi xunrezlik xalqaro hamjamiyat bunday fojialar oldida qanchalik ojiz ekanini ko’rsatib turibdi. Isroil xavfsizligini faqat o’zimiz kafolatlay olamiz, deydi u.

“To’g’ri, yahudiy davlatining AQShdan yaxshiroq do’sti yo’q. Lekin Isroil mustaqil davlat va kezi kelganda qarorlarni o’zi qabul qiladi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG