Eron Iroqda madaniy markazlar ochayapti, mahalliy aholi xavotirda

  • Amerika Ovozi

Iroqning Kirkuk shahrida Eron madaniy markazining ochilishi Tehron bu yerda o’z ta’sirinini kuchaytirayotgani haqida xavotirlarga sabab bo’lmoqda.

Xomayniy nomli Madaniyat va sport markazining ochilish marosimi o’tgan hafta, 1979-yilgi islom inqilobining 37 yilligi kuni bo’lib o’tdi. Eron rahbariyati maqsad sport va ijtimoiy tadbirlar o’tkazish, demoqda.

“Imom Xomayniy islomiy inqilob butun dunyo uchun yorug’ nur ekanini aytgan. Bugun, inqilobdan 37 yil o’tib biz Kirkuk ahliga ushbu madaniyat va sport markazini hadya etyapmiz”, - dedi Eronning Irbildagi Bosh konsuli Murtazo Abadiy.

Ammo marosimni mahalliy aholi, ayniqsa kurdlar tanqid qilmoqda. Ularning fikricha, Tehron Iroq ishlariga aralashish niyatida.

AQSh 2003-yilda Iroqqa qo’shinlarini olib kirganidan buyon bu mamlakatda Eron ta’sirining kuchayishi kuzatilmoqda. Tahlilchilar fikricha, “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi kurash Tehron hamda Iroqdagi shialar qudratini oshirdi. Eron 2003-yildan beri mamlakat bo’ylab, shu jumladan poytaxt Bag’dodda beshta madaniyat markazini ochgan.

Kirkuk viloyat kengashi a’zosi Kamran Kirkukiy eronliklar bundan yashirin maqsadda foydalanishidan xavotirda.

“Eron Iroq va Kurdistonga yordam bera olmaydi. O’tmishdan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, Eron loyihalaridan biz uchun hech qanday naf yo’q”, - deydi u.

Iroqning shialardan tarkib topgan qo’shinlari yangi markaz orqali Kirkukdagi faoliyatini kengaytirishi mumkin, deya fikr bildiradi u.

Kirkuklik yozuvchi Hasan Juma markazning ochilishini “sharmandalik” deb atadi va yozuvchilar, ziyolilar va jurnalistlar bunga qarshiligini ta’kidlaydi.

“Shaharda madaniyat va sport markazi bor, Xomayniy nomidagi yana bir joyga hojat yo’q edi, - deydi u. "Markazlar, maktab va tibbiy klinikalarni ochish Kurdistonni bosib olish bilan barobar. Bu Eronning madaniy va siyosiy ta’sirini oshiradi”.

Ammo Eronning “Mapna Group” qurilish kompaniyasining sobiq xodimi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Kirkukda mazkur inshootni ochish haqidagi kelishuv bundan 14 oy oldin imzolanganini aytadi. Qurilish 400 ming dollarga tushgan. “Markazdan maqsad – viloyatdagi barcha madaniy va sport tadbirlarini bir joyda mujassam etish”, - deydi u.

Eron 1979-yilgi islom inqilobidan keyin dunyo bo’ylab madaniy markazlar barpo etishga tushdi. Ular Islomiy madaniyat va aloqalar tashkilotiga bo’ysunadi. Tashkilotdan maqsad esa “Eron islomiy inqilobining tamoyillari va maqsadlari hamda xalqaro sahnadagi roli haqida ma’lumot tarqatish va dunyo ahlining bilimini oshirishdan iborat”.

Kirkuk viloyati gubernatori Najmaldin Karim markaz va Eronning Iroqdagi rolini yuqori baholadi.

“Eron islomiy respublikasi 2014-yil iyulidan hozirgacha iroqliklarga “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda yordam berib kelmoqda”, - deya eslatadi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG