Eron Qirg'izistonning eng yaqin hamkorlari qatoriga qo'shildi


Qirg’iziston Prezidenti Almazbek Atambayevning o'tgan hafta Eronga safari o'rtadagi aloqalarning yangi bosqichi deb ta'riflanmoqda. Bishkek uchun ko’p yo’nalishli tashqi siyosat afzal, deya ta’kidlaydi kuzatuvchilar.

Shu bilan birga, Rossiya va G’arb orasi taranglashishi ortidan Moskva ta’sir doirasidagi o’lkalar endi sharq tomon yuz tutayapti, deydi ular. "Amerika Ovozi" O’sh davlat universiteti professori Arap Anarbayev bilan Bishkek-Tehron aloqalari istiqboli haqida suhbatlashdi.

“Qirg’iziston-Eron munosabatlarining faollashuvi Bishkek yaqinidagi AQSh harbiy bazasining yopilishi bilan bog’liq, desa bo’ladi. Bu qadam Eronda iliq kutib olindi. Tehron tegishli xulosaga keldi va yordam qo’lini uzatayapti. Ikki mamlakat aloqalarining kelajagi porloq”, - deydi siyosatshunos.

Mutaxassislarga ko’ra, shu paytgacha Rossiya, Xitoy, Turkiya hamda Qozog'iston Qirg’izistonning eng yaqin va asosiy hamkorlari sanalgan bo'lsa, shu qatorda endi Eron ham bor.

Ushbu mamlakat Qirg’izistonda temir yo’l, suv elektr stansiyasi kabi yirik inshootlarni qurishda qatnashishi rejalanmoqda. Ma’lumki, bir necha yil avval Rossiya ham Qirg’iziston bilan elektr stansiyalar barpo etish yuzasidan kelishim tuzgan.

“Qator mamlakatlar, masalan, Rossiya bilan ham katta-katta loyihalar bo’yicha shartnomalar tuzilgan. Ammo anchasi qog’ozda qolib ketdi. Meni biroz o’ylantirayotgan narsa - Eron bilan kelishimlar bundan istisno bo’larmikin”, - deydi Anarbayev.

Ayni paytda ayrim kuzatuvchilar Rossiya hamda G’arb mamlakatlari munosabatlari taranglashishi ortidan Moskva ta’sir doirasidagi o’lkalar ham sharq tomon yuz tutayotganini aytadi. Professor Anarbayev “Bishkek Moskva ta’sirida Tehron bilan yaqinlashmoqda”, degan fikrlarga qo’shilmaydi.

“Eron azaldan O’rta Osiyo o’lkalari, turk xalqlari bilan yaqin bo’lgan. Asrlar davomida tig’iz aloqalar shakllangan. Adabiyotimiz, madaniyatimiz yaqin. Bizning tillarda forsiy so’z va iboralar ko’pligi bejiz emas. Eron - iqtisodi kuchli, yirik davlat. Qirg’iziston o’z manfaatlaridan kelib chiqqan holda Eron bilan munosabatlarni rivojlantirmoqda. Bu hayot taqozosi”, - deydi olim.

Uning fikricha, istiqbolli reja va loyihalar har ikki tomon manfaatlariga xizmat qiladi.

“Eron Qirg’iziston iqtisodiga yirik sarmoyalar kiritish bilan birga ushbu mamlakat orqali mintaqada o’z aloqalarini, demakki mavqeini kengaytirishi mumkin. O’z navbatida, barpo etilajak inshootlar Qirg’iziston ekonomikasini yuksaltirishga hissa qo’shadi. O’zbekiston va Turkmaniston orqali o’tishi mo’ljallangan temir yo’l, masalan, Qirg’iziston va aytilgan qo’shni o’lkalar aloqalariga rivoj qo’shadi. Afg’oniston, Pokiston hamda Eron Qirg’izistonda ishlab chiqarilayotgan elektr quvvatining yirik xaridorlari bo’lib qoladi”, - deydi professor.

Mintaqaviy xavfsizlik nuqtai nazaridan ham O’rta Osiyo davlatlari hamda Eron hamkorligi alohida ahamiyatga ega, deya yakunlaydi professor Arap Anarbayev.

XS
SM
MD
LG