Eron qisqa masofali yangi raketani sinovdan o'tkazdi

  • Amerika Ovozi

Eron raketasi

Eron raketasi

Eron o’tgan hafta qisqa masofali raketaning yangi turini sinovdan o’tkazdi. “Fotih-110” raketasining yangicha ko’rinishi qo’shni davlatlar va Fors ko’rfazidagi nishonlarni ura oladi, deydi Mudofaa vaziri Ahmad Vohidiy.

Eron televideniyesiga ko’ra, yangi raketada boshqaruv moslamasi takomillashgan. G’arb mutaxassislari mahalliy televideniye uzatgan kadrlarning eski yoki yangiligini bilmagani uchun yangi raketa haqidagi xabarlarga hozircha ishonchsizlik bilan qaramoqda.

Eron Mudofaa vaziri Ahmad Vohidiyning da’vo qilishicha, mamlakat texnologik muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

"Raketaning xususiyati shundaki, nishonga aniq yeta oladi. Uni yaratishda mahalliy olimlarning hissasi katta", - deydi vazir.

Eronning “Fors” axborot agentligi xabariga ko’ra, “Fotih-110” qurolining yangi turi 300 kilometrgacha ucha oladi va 250 kilogrammgacha bo’lgan bombani tashiy oladi.

Vazir Vohidiy deydiki, bu to’rtinchi avlod raketasi bo’lib, dushmanning quruqlik va dengizdagi obyektlari, boshqaruv markazi, raketalarni uchirish moslamalari, qurol-yarog’ ombori va radarlarini nishonga olishda qo’l keladi.

Isroil matbuotiga ko’ra, Livandagi Hizbulloh jangari guruhida “Fotih-110” raketalarining eskiroq turlari bor.

Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Aleks Vatankaning aytishicha, qisqa masofali raketaning yangi turi va so’nggi qurollarning Eronda chiqishi ehtimoliy raqiblarni bu davlatga qarshi hujumdan o’zini tiyishga chaqirishga qaratilgan.

"Harbiy texnologiya, mashg’ulotlar, sinovlar nafaqat AQSh va G’arb, balki Eronning arab qo’shnilariga ham ogohlantirishdir", - deydi mutaxassis.

Vatanka fikricha, Eron Oliy diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xameneiy chetdan islomiy respublikaga qarshi hujum ehtimolini yoki sanksiyalar ta’sirini jiddiy qabul qilmaydi.

G’arb Eronni yadro quroli ustida ishlayotganlikda ayblab keladi, ammo rasmiy Tehron dastur elektr quvvati olish va tibbiy izlanishlar uchun kerakligini aytib keladi.

Isroil razvedkasi Mossad sobiq rahbarining bir necha kun burun “Nyu-York Tayms” gazetasiga aytishicha, kelasi 12 hafta Eron uchun xavotirli bo’ladi. Tahlilchilar nazarida bu davr mobaynida islomiy respublika atom inshootlari hujumga uchrashi mumkin.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta yaqinda Isroilda bo’lib, rahbariyat bilan Eron masalasi bo’yicha fikr almashgan. Biroq tomonlar unga qarshi harbiy rejalar haqida lom-lim demagan.

O’tgan oy Eron “Shahob-1” va “Shahob-2” rusumidagi raketalarini ham sinovdan o’tkazgan. Ular 1300 kilometrgacha ucha oladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG