Eron BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Eron Tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Solihiy Qo'shilmaslik harakatiga a'zo davlatlar rasmiylari oldida so'zlamoqda, Tehron, 26-avgust, 2012-yil.

Eron Tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Solihiy Qo'shilmaslik harakatiga a'zo davlatlar rasmiylari oldida so'zlamoqda, Tehron, 26-avgust, 2012-yil.

Eron poytaxti Tehronda Qo’shilmaslik harakatiga a’zo davlatlar anjumani boshlandi. Unda 120 dan ortiq mamlakat rahbarlari va rasmiylari ishtirok etmoqda.

Eron Tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Solihiyning anjuman ochilishida aytishicha, uning davlati yadro quroliga intilmayapti.

“Harakat dunyoni 2025-yilgacha yadro qurollaridan butunlay xoli etishni taklif qilgan. Ammo buning uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilishimiz kerak”, - deydi Solihiy.

Isroil Eronni atom quroli ustida ishlayotganlikda ayblab, Tehron rejasini puchga chiqarish uchun unga qarshi harbiy chora ko’rish ehtimoli haqida gapirar ekan, Solihiyning aytishicha, yahudiy davlatining o’zi Ommaviy qirg’in qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitimga qo’shilishdan bosh tortib, yadro quroli borligini tan olmayapti.

Eron tashqi ishlar vaziri BMTda tashabbus a’zo davlatlardan Xavfsizlik Kengashiga o’tganini afsus bilan tilga olib, tashkilotni isloh qilishda kengashning ham roli va shaklini qayta ko’rib chiqish lozim, dedi.

Tehron anjumani besh kun davom etadi. Suriyadagi vaziyat ham muhokama etilishi kutilmoqda. Qo’shilmagan davlatlar harakati 1961-yilda tuzilgan bo’lib, unga hech bir siyosiy yoki harbiy blokka a’zo bo’lmagan mamlakatlar kirgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG