Breaking News

Eron yadro dasturi bo'yicha olg'a siljish bor, ammo bitim yo'q


AQSh va Eron 31-martgacha yadro dasturi bo'yicha bir to'xtamga kelishish harakatida ekan, Amerika Davlat kotibi Jon Kerri Shveysariyaning Lozanna shahrida Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan uchrashgan. Tomonlar seshanbaga qadar biror kelishuvga kelmaguncha Kerri AQShga qaytmoqchi emas.

AQSh Davlat departamenti rasmiylaridan biri muloqot jiddiy kechganini aytgan.

"Agar bitim imzolanishiga ko'zimiz yetsa, jarayonni jadallashtiramiz", - deydi rasmiy.

Eron yana besh davlat bilan muzokara olib bormoqda. Agar muloqot muvaffaqiyatli yakunlansa, Tehronga qo'yilgan sanksiyalar yumshatiladi. Ammo Eron ularning butunlay bekor qilinishini talab qilmoqda.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loren Fabius bitim imzolangan taqdirda ham Eron unga amal qilishini qanday nazorat etish mumkin, deya xavotir bildirmoqda.

Lozannada Fransiya, Germaniya, Britaniya, Xitoy va Rossiya tashqi ishlar vazirlari ham muzokaralarda qatnashgan.

Diplomatlarning bildirishicha, Tehron yadro reaktoridagi sentrifugalari sonini 6000 dan kamaytirishga, boyitilgan uran zaxiralarining katta qismini Rossiyadagi yadroviy omborxonalarda saqlashga rozi bo'ldi.

Buning evaziga Eronga Fordodagi yerosti inshootida tibbiy maqsadlarda xalqaro mutaxassislar nazorati ostida cheklangan yadroviy tajriba o'tkazishga ruxsat beriladi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu AQShni Eron bilan muzokara qilmaslikka chaqirib keladi. Uning aytishicha, Tehronga ishonch yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG