Ahmadinajod: BMT Eronga qarshi yana sanksiya qo'ysa, muzokara batamom to'xtaydi

  • Amerika Ovozi

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod Turkiyada o’tayotgan xalqaro sammitda ishtirok etar ekan, BMT Xavfsizlik Kengashiga qarata “Bizga qarshi yana sanksiya qo’ysangiz, yadroviy dasturimiz borasida hech qanday muzokara bo’lmaydi va hozirgi muloqot ham to’xtaydi” deya ogohlantirdi.

"Amerika Ovozi"ning Istanbuldagi muxbiri Dorian Jounsning xabar berishicha, Eron prezidenti xalqaro hamjamiyat Braziliya va Turkiya tashabbusi bilan erishilgan kelishuvni quvvatlaydi degan umidda.

Bu bitimga ko’ra, Eron 1,2 tonna uranni Turkiyaga qayta ishlash uchun jo’natadi va bu bilan moddaning atom qurollari uchun ishlatilmasligi ta’minlanadi. Ahmadinajod G’arb bu ishning beliga tepmasligi kerak deydi.

“AQSh va uning ittifoqchilari BMTda yangi rezolyutsiya orqali Eronni jazolash haqida o’ylasa”, - deydi Ahmadinajod, “bizning davlat ular bilan umuman gaplashmay qo’yadi”.

Eron bugun Istanbulda matbuot xodimlari oldida so’zlaganida Turkiya hukumatini ishonchli hamkor deb atab, minnatdorchilik bildirgan.

Turkiya va Braziliya BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari emas. AQSh nazarida ular va Eron orasida o’tgan oy erishilgan kelishuv mojaroni hal eta olmaydi.

Hozirgacha BMT Eronga qarshi uch bor sanksiya qo’ygan. Islomiy respublikaning atom maqsadlari shubha ostida ekan, bu hafta to’rtinchi sanksiya uchun ovoz berilishi mumkin.

Turkiya ulardan baribir naf bo’lmaydi degan pozitsiyada. Istanbuldagi yig’inda qatnashayotgan Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin bu fikrga qo’shiladi va yangi sanksiya qo’yilgan taqdirda ham unchalik qattiq bo’lmasligi kerak deydi.

Kreml masala yuzasidan hozir Vashingtonni quvvatlay boshlagan, ya’ni Eron o’zboshimcha siyosatni bas qilishi kerak deya qayd etmoqda. Mahmud Ahmadinajod bugungi chiqishida, Rossiya Eronga dushman sifatida qarasa, xato qiladi degan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG