Breaking News

Eron sanksiyalardan qutulish uchun atom dasturini 15 yilga cheklaydi


Eronning Busher atom zavodi
Eronning Busher atom zavodi

Shveytsariyadagi muzokaralarda Eronning yadro dasturi bo’yicha dastlabki kelishuvga erishildi. AQSh, Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Fransiya va Eron diplomatlari endi 30-iyunga qadar yakuniy bitim imzolashga harakat qiladi. Shart va majburiyatlar aks etgan hujjat puxta ishlab chiqilgan.

Eron sanksiyalardan qutulish uchun atom dasturini 15 yilga cheklaydi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:05 0:00

Bir necha hafta davom etgan intensiv muloqotdan so’ng AQSh Davlat kotibi Jon Kerri yakuniy bitim uchun zamin hozirlanganini e’lon qildi.

“Eron boyitilgan uran zaxirasini 98 foizga kamaytirishga rozi. Ushbu talab 15 yil amal qiladi”, - deydi Kerri.

Mamlakatning Fardo yerosti atom inshootida kelasi 15 yil uran boyitilmaydi. Boshqa bir zavodida tadqiqotlar cheklanadi.

Xalqaro inspektorlar atom zavodlarini borib ko’rish va tekshirishga haqli. Kelasi 15 yilda birorta uran boyituvchi yangi inshoot qurilmaydi.

Hujjat nazariy jihatdan puxta ishlab chiqilgan. Tanqidchilarga, jumladan yana sanksiya haqida gapirayotgan amerikalik qonunchilarga ma’qul kelishi kerak, deydi ekspert Jeyms Akton.

“Kelishuv bundanda mukammalroq bo’lishi mumkinmidi? Albatta. Boshqa tarafdan, muzokara natijasiz tugashi ham mumkin edi. Hech narsadan ko’ra bori yaxshi emasmi? Isroil va Saudiya Arabistoni kabi davlatlar o’zini xavfsizroq his etishi kerak deb o’ylayman”, - deydi u.

Lekin muzokarachilarning ishi yakunlandi deyishga hali erta.

“Endi tomonlar kelishuv qanday tatbiq etilishi xususida gaplashib oladi. Bu juda murakkab jarayon. Murosa ehtimoli taxminan 65 foizga teng”, - deydi Akton.

Islomiy respublika bergan va’dalariga amal qilsa, sanksiyalar sekin-asta olib tashlanadi.

BMTdagi sobiq elchi Jon Bolton nazarida esa G’arb bu bilan katta xatoga yo’l qo’ydi. Uning aytishicha, kelishilgan hujjatni har ikki tomon o’zi bilgancha talqin qilayapti.

“Eronning asosiy maqsadi sanksiyalardan qutulishdir. Ular shuning uchun muzokaraga stoliga keldi. Jazo choralari bekor qilinishi uchun arzimagan narsalarni va’da berishyapti. Yadro dasturini osonlikcha istagan payt tiklashi mumkin”, - deydi sobiq diplomat.

Qurolsizlanish masalalari bo’yicha ekspert Kelsi Davenport izohicha, kelasi uch oyda nima bo’lishi katta ahamiyatga ega. Muzokarani izdan chiqarishga urinishlar bo’lishi aniq.

“Kelishuvda nimalar bitilgani haqida hali to’liq ma’lumotga ega emasmiz. Diplomatlarga ishini oxiriga yetkazish uchun imkoniyat berish lozim. Ana undan keyin hujjatni baholasa bo’ladi”.

Ayrimlar islomiy respublika atom programmasidan butunlay voz kechishini talab qilmoqda. Davenport deydiki, bunday shart bilan boshlangan muzokara uzoqqa bormaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG