Eron, jahonning olti yirik davlati kelishuvga erishdi

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Frederika Mogerini, Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif, Eron Atom energiyasi dasturi rahbari Ali Akbar Solihiy, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Britaniya Tashqi ishlar vaziri Filip Hammond, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Avstriyadagi muzokaralar ketidan. 14-iyul, 2015-yil.

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Frederika Mogerini, Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif, Eron Atom energiyasi dasturi rahbari Ali Akbar Solihiy, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Britaniya Tashqi ishlar vaziri Filip Hammond, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Avstriyadagi muzokaralar ketidan. 14-iyul, 2015-yil.

Eron yadro dasturi bo'yicha bir necha oy davom etgan muzokaralar va bir necha yillik sanksiyalar ortidan Avstriya poytaxti Venada Eron va xalqaro hamjamiyat dastur yuzasidan kelishuvga erishdi. Prezident Obama tarixiy bitimni olqishlamoqda.


“Qo’shma Shtatlar, xalqaro hamkorlar bir necha o’n yillik ziddiyatni yengib o’tishga va Eron bilan yadro quroli yaralishiga chek qo’yuvchi bitimni imzolashga muvaffaq bo’ldi”, - dedi Obama.

Amerika rahbari nazarida kelishuv AQSh diplomatiyasining namunasi. “Yaqin Sharqni, butun dunyoni bexatarroq qilgan diplomatiya bu. Mintaqada yadro qurolining tarqalishini to’xtatishga erishdik”, - dedi prezident.

Kelishuvga ko’ra, Eron yuqori darajada boyitilgan uran va plutoniy moddalarini ishlab chiqarishni bas qiladi. Bu moddalar ommaviy qirg’in qurolini yasashda qo’llanishi mumkin.

Tehron mavjud sentrifugalarning uchdan ikkisini olib tashlaydi va kelasi o’n yilda ilg’or sentrifugalardan uranni boyitishda foydalanmaydi.

Shuningdek, Eron mavjud boyitilgan uran zaxiralarining qariyb 98 foizidan voz kechadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining inspektorlari Erondagi muhim yadro obyektlarini istagan payt ko’zdan kechirishi mumkin.

Evaziga esa AQSh va BMT Xavfsizlik Kengashi Eronga qo’yilgan sanksiyalarni yumshatadi. Biroq Tehron shartlarni bajarmasa, sanksiyalar qayta ishga tushadi, deydi Obama.

Kongressning javobi

Endi Kongress ikki oy ichida kelishuvni ko’rib chiqadi. Obama qonunchilar hujjatni sinchiklab tekshirishiga tayyor. Biroq bitimga qarshilik tug’ilgan taqdirda veto huquqidan foydalanaman, deya ogohlantirdi u.

AQShda ayrim qonunchilar hujjat imzolanishidan oldinoq qarshilik bildirgan. Eron aksil-Amerika siyosatini yurituvchi, terrorizmni moliyalovchi bir davlat, deydi respublikachi senator Tom Kotton. Uning nazarida Amerika Eron bilan kelishaman deb o’ta ko’p yengilliklar yaratdi va Eron baribir ommaviy qirg’in qurolini yaratishdan qaytmaydi. Demokrat senator Ben Kardin bitimni obdon tekshiramiz, deya ogohlantiradi.

Isroil fikri

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bitimni tanqid qilib, katta xato, deya ta’rifladi.

Netanyaxu Eronni islomiy jangari davlat deya atab, bu yurt yadro qurolini yasashi uchun sharoit yaratildi, dedi. Mamlakat yuz milliardlab dollar pulga ko’milib, o’zining agressiv, terrorchi siyosatini davom ettiradi; bitim katta tarixiy xatodir, deydi Isroil bosh vaziri.

Eron o’z yadroviy izlanishlari faqat tinch maqsadni ko’zlashini ta’kidlab keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG