Eron boyitilgan uran zaxiralarini zararsizlantirmoqda

  • Amerika Ovozi

Eron boyitilgan uran zaxiralarini ancha xavfsiz moddaga aylantirgan. BMTning atom energiyasi bo’yicha agentligi ma’lumotiga ko’ra, zararsizlangan urandan yadro qurolini tayyorlashda foydalanish mumkin emas. Eronning bu harakati Tehron va xalqaro hamjamiyat o’tgan yili erishgan kelishuvga ko’ra amalga oshirilmoqda.

Xalqaro Atom energiyasi agentligining 21-iyul kuni ma’lum qilishicha, Eron 20 foizga boyitilgan uran zaxiralarini zararsizlantirgan.

Boyitilgan urandan atom qurolini yasashda foydalanish mumkin. Tehron bomba tayyorlash niyatida emasligini, yadro dasturidan faqat tinch maqsadlarda energiya olish ko’zlanganini aytib keladi.

Agentlik hisoboti Eron va g’arb davlatlari yakuniy kelishuvga erishish muddatini noyabrgacha cho’zishi ortidan e’lon qilindi.

Ammo muvaffaqiyatga hali ancha bor, deydi Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti tahlilchisi Mark Fitzpatrik.

“Jazo choralarini yumshatib, uran boyitishni cheklash bo’yicha kelishdilar, lekin Eron bundan ortiq murosaga borishni istamaydi. Asosiy masala shunda”, - deydi u.

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshton ham hali qilinadigan ishlar ko’p ekanini ta’kidladi.

“Qator masalalarda siljishga erishib, Qo’shma Ish Rejasi matnini birga tuzganimizga qaramay, ayrim asosiy mavzular bo’yicha hanuz jiddiy tafovutlar mavjud va ularni hal qilish qo’shimcha vaqt va e’tiborni talab qiladi”, - dedi Yevropa Ittifoqi rasmiysi.

Eshton shu yil oxirida tashqi ishlar vaziri lavozimini tark etishi kerak. Bu esa muloqotni yanada chigallashtirishi mumkin, deydi Fitzpatrik.

“Hozircha, Eron dasturiga cheklov qo’yildi. Ular endi qurol yaratish imkoniyatiga ega emas. Nima bo’lganda ham, eronliklar bu narsa ularning maqsadi emasligini aytib kelgan. Demak, diplomatiya samara beryapti, dastur qisqardi. Ammo yechim yo’q hali, unga hali-veri erishib bo’lmaydi. Kelasi to’rt oyda biz masalani qayta ko’rib chiqib, cheklovni yanada kengaytirishimiz kerak”, - deydi tadqiqotchi.

Tehron 20 foizga boyitilgan uran zaxiralarini zararsizlantirishi evaziga AQSh Eronga 2,8 milliard dollarlik muzlatilgan mol-mulkini qaytarib beradi. Ammo amaldagi jazo choralari o’z o’rnida qoladi. Shunga qaramay, tomonlar muloqotni davom ettiradi, deydi Eron bo’yicha ekspert Nigel Kushner.

“Shu paytgacha Eronda yaxshi biznes olib borgan bir qator sarmoyadorlar yana foydali aloqalarini tiklashga tayyor turibdi. Biznesni to’xtab qolgan joyidan davom ettirishning imkoni yo’q. Ammo sanksiyalar ko’tarilishi bilan u yoqqa borib, muloqotlar o’tkazish, savdo shartlarini kelishish orqali marketingni kuchaytirish mumkin”, - deydi u.

Eron bilan muzokaralarning keyingi bosqichi qachon va qayerda o’tishi hali ma’lum emas. Tomonlar muloqotni yaqin haftalarda boshlashi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG