Breaking News

Eron: BMTning yangi sanksiyasi hech narsaga arzimaydi


Eron hukumati BMT Xavfsizlik Kengashi joriy etgan yangi sanksiyalardan norozi. Islomiy respublika bu organ va Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik bilan aloqalarni batamom to'xtatishi mumkin.

Tojikistonga safar qilgan prezident Mahmud Ahmadinajod qarorni “foydasiz" deb ta’riflab, uni "axlat"ga qiyoslagan.

Eronning BMT Atom boshqarmasidagi elchisi Ali Asqar Sultoniya "Uranni boyitishga davom etamiz",- deydi.

AQSh rahbari Barak Obama Xavfsizlik Kengashining 12 a’zosi ovoz bergan rezolyutsiyani olqishlab, endi rasmiy Tehron siyosatini o’zgartirishi shart demoqda.

Obamaning aytishicha, sanksiya yadroviy qurollarni tarqatmaslik bitimi va xalqaro atom agentligi talablariga rioya qilmayotgan Eron siyosatiga nisbatan javobdir.

“Eron hukumati atom qurollari yaratish xavfsizlik kafolati emasligini tushunishi kerak. Xavfsizlikka faqat xalqaro qonunlarga bo’ysunib erishish mumkin”, - deydi prezident Obama.

Lekin, deydi u, ushbu sanksiyalar Eron xalqini jazolashga qaratilmagan va muammoga diplomatik yechim topish uchun hali ham imkoniyat bor.

“Eron hukumati o’z xalqi uchun bu yo’ldan qaytishiga umid qilaman. Yadro qurollarini tarqatmaslik to’g’risidagi kelishuv shartlarini tan olish nafaqat bu davlat xavfsizligi va farovonligi, balki jahon tinchligi uchun o’ta muhim”, - deydi u.

Atom tadqiqotlari faqat tinch maqsadlarga qaratilganini da’vo qilayotgan rasmiy Tehron nazarida BMTda qabul qilingan rezolyutsiya katta xato va vaziyatni yanada chigallashtirish uchun xizmat qiladi.

Hujjatga muvofiq Eron yadro dasturi hamda Inqilobiy Gvardiyasi, qurolli kuchlarga aloqador firma va shaxslarga moliyaviy cheklov qo’yiladi. Qurol savdosi to’xtatilib, bu ishga daxldor shaxslarning hisob raqamlari muzlatiladi. Shuningdek, Eronga kirib chiqayotgan kemalar tekshiruvini kuchaytirish va konchilik sohalariga sarmoyani taqiqlash nazarda tutilgan.

15 mamlakatdan iborat Xavfsizlik Kengashining 12 a’zosi rezolutsiyani yoqlab ovoz bergan. Livan betaraf. Braziliya va Turkiya unga qarshi.

Bu ikki davlat Eron uranini Turkiyaga uzatib, evaziga boyitilgan yonilg’i olish va undan tibbiy izlanishlarda foydalanishni yo'lga qo'yish taklifi bilan chiqqan edi.

Lekin AQSh bu tashabbusdan qoniqmay Eronga ishonch yo'qligini bildirgan edi. Braziliya prezidenti Luiz Inasio Lula da Silva fikricha, Eronga yana bir bor sanksiya qo’yilgani bilan muammo hal etilmaydi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham shunga o'xshash pozitsiyada ekanini bayon qilgan.

Lotin Amerikasi bo’ylab safar qilayotgan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton "Braziliya va Turkiyaning yaxshi niyat bilan olib borgan tashabbuslaridan minnatdormiz", - deydi.

“Eron bilan til topishishda Turkiya va Braziliya rolini muhim deb bilaman. Rezolyutsiyaga nima uchun qarshi ovoz berishganini ular o’zlari tushuntiradi. Masala bo’yicha fikrimiz har xil. Eron bilan aloqalar nazarga olingan bo’lishi mumkin”, - deydi Klinton.

BMT Xavfsizlik Kengashida Eronga nisbatan yangi sanksiya ma’qullanishi Obama mamuriyati uchun bir g’alaba deb ta’riflanmoqda. Kongress a’zolari Qo’shma Shtatlar alohida jazo choralari ko’rishini ham ta’kidlamoqda.

Eron, unga yaqin hamkor bo’lgan Rossiya va Xitoy hujjatni ma’qullab ovoz berganidan taajjubda. Eron atom agentligi boshlig’i Ali Akbar Salihi Xitoyni tanqid qilib, islom dunyosidagi obro’sini qo’ldan boy berishi mumkin deya ogohlantirgan. Xitoy rasmiylari esa sanksiyalar faqat Pekin emas, balki xalqaro jamoatchilik fikrini aks ettiradi deydi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi bu davlat pozitsiyasini tushuntirar ekan, maqsad sanksiya orqali Eronni muzokaraga qaytarish degan.

Eron rahbari Ahmadinajod bugun Shanxayda, Jahon Savdo Yarmarkasida qatnashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG