Breaking News

Tehron-xalqaro hamjamiyat muzokarasi davom etadi


Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Ketrin Ashton Eron vakili Said Jaliliy bilan Moskvada ko'rishdi, 18-iyun, 2012-yil.
Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Ketrin Ashton Eron vakili Said Jaliliy bilan Moskvada ko'rishdi, 18-iyun, 2012-yil.
Eron yadro dasturi yuzasidan o’tgan so'nggi muzokara muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
Rossiya poytaxtida o’tgan ikki kunlik anjuman Eron va G’arb o’rtasidagi ziddiyatlarga yechim topa olmadi.

Muzokarachilar quyi darajadagi muloqotlar bundan buyon ham davom etishi haqida kelisha oldilar, xolos.

Yevropa Ittifoqi esa kelasi oy Erondan neft xarid qilishni tamoman to’xtatadi.

Londondagi Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti olimi Mark Fitzpatrikning aytishicha, Moskva yig’ini besamar tugagani bois kelajakdagi uchrashuvlardan endi foyda yo’q.

“Albatta, texnik xarakterdagi muhokamalar o’rtadagi tafovutlarni kamaytirishi mumkin. Ammo eng zarur narsa siyosiy kelishuvdir” deydi olim.

Mark Fitzpatrik fikricha, Eronni yadro dasturidan voz kechtirish uchun yanada qattiqroq jazo choralari qo’llanishi mumkin. Masalan, Eron gaziga embargo.

Ammo Global energiya tadqiqotlari markazi rahbari Leo Drollas bu fikrga qo’shilmaydi.

“Gaz Eron uchun neftchalik muhim emas. Xalqaro moliyaviy cheklovlar, ehtimol, eng katta ta’sir kuchiga ega. Ayni paytda, buni amalga oshirish ham qiyin”, - deydi Drollas.

Rasmiy Tehron boyitilgan uran faqat iqtisodiy va tibbiy maqsadlarda kerakligini ta’kidlaydi. Xalqaro hamjamiyat nazdida esa mamlakatning asl maqsadi - atom bombasini yaratish imkoniyatini qo’lga kiritish. Xalqaro inspektorlar ayrim harbiy inshootlarga kiritilmagani bu gumonlarni yanada kuchaytirgan.

Agar muzokaralar butunlay muvaffaqiyatsiz tugasa, oldinda boshqa bir xavf bor: Isroil Eronga hujum qilishi mumkin. Mark Fitzpatrikka ko’ra, Eronda hatto rejimni ag’darishga urinishlar bo’lishi ehtimoli bor.

“Ziddiyat borib-borib, alanga olishi, hatto islomiy respublikani, tuzumni savol ostiga qo’yadigan vaziyatga olib borishi mumkin”, - deydi tadqiqotchi.

Ammo muloqot davom etayotgan bir paytda yahudiy davlati harbiy choraga borishi amri mahol.

1-iyuldan boshlab Yevropa Ittifoqining Eron neftiga qo’ygan embargosi to’liq kuchga kiradi. Leo Drollasning aytishicha, ushbu sanksiya ta’sirida Tehron neftdan oladigan daromad allaqachon teng yarmiga kamaygan.

“Ammo jahon bozorida mahsulot narxi oshgani yo’q, chunki ta’minot yetarli. Shuning uchun neft, aksincha, arzonlab borayapti” degan Drollasga ko'ra, Eron o’z kemalari va moliyaviy imkoniyatlarini ishga solib, sanksiyalarni chetlab o’tishga harakat qilmoqda. Bosim kuchli, ammo Eronni tiz cho’ktiradigan darajada emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG