Eron yadro inshootlarining kengroq inspeksiyasiga rozi


Eron yadro dasturi bo'yicha Jeneva muzokaralarining ikkinchi kuni, 16-oktabr, 2013-yil

Eron yadro dasturi bo'yicha Jeneva muzokaralarining ikkinchi kuni, 16-oktabr, 2013-yil

Shveysariyaning Jeneva shahrida Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralar davom etmoqda. Eron diplomatlaridan birining aytishicha, Tehron BMT inspektorlariga yadro inshootlarini kengroq nazorat qilishga ruxsat berishi mumkin.

Muzokaralarda Eron hamda P5+1 guruhiga kiruvchi Britaniya, Germaniya, AQSh, Rossiya, Xitoy va Fransiya vakillari ishtirok etmoqda.

Guruh Tehrondan xalqaro inspeksiyalarning oldindan xabar bermay amalga oshirilishiga ruxsat berishga hamda uran boyitish darajasini pasaytirishga chaqirmoqda.

Kecha Eron muzokara ishtirokchilarini o’z taklifi bilan tanishtirgan, biroq tafsilotlari hozircha e’lon qilinmayapti.

"P5+1 talablari bu taklifdan joy olmagan", - deydi Eron tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Abbos Araqchi.

Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarifning aytishicha, Tehron taklifi uch bosqichdan iborat bo’lib, bir yil ichida atom dasturiga doir xavotirlarga barham berishga qaratilgan.

"Taklif natijalarini 1-2 oydayoq ko’rish mumkin", - deydi vazir.

Ma’lumki, G’arb Eronni yadro quroli ustida ishlayotganlikda ayblab keladi, Tehron esa bu ayblovlarni rad etadi.

Islomiy respublika muzokaralar yordamida unga qo’yilgan xalqaro sanksiyalarning bekor etilishiga harakat qilmoqda.

"Muloqot chog’ida ayrim ijobiy natijalarga erishish uchun yaxshi imkoniyat bor", - deydi Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Eronga qo’yilgan sanksiyalarni olib tashlamaslikka chaqirmoqda. Bu katta xato bo’lar edi, deydi u.
XS
SM
MD
LG