Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralar boshlanmoqda

  • Amerika Ovozi

O'tgan yili noyabrda Jenevada bo'lib o'tgan muzokaralar muvaffaqiyatli bo'ldi, yangi so'zlashuvlar uchun asos yaratdi.

O'tgan yili noyabrda Jenevada bo'lib o'tgan muzokaralar muvaffaqiyatli bo'ldi, yangi so'zlashuvlar uchun asos yaratdi.

Bugun xalqaro muzokarachilar va Eron vakillari islomiy respublika yadro dasturiga doir keng qamrovli bitim ustida muloqot boshlaydi. Jahon hamjamiyati dasturning tinch maqsadda qo’llanilishini kafolatlamoqchi. Jarayon oson kechmaydi, deydi kuzatuvchilar.

Tomonlar o’tgan yil oxirida Jenevadagi muzokaralar chog’ida Eron atom dasturini olti oyga to’xtatishga kelishib olgan edi. Buning evaziga Tehronga nisbatan joriy etilgan va iqtisodini ancha zaiflashtirgan xalqaro sanksiyalar yumshatiladi. Muzokarachilar kelasi olti oyda yakuniy bitimga erishishga umid qilmoqda.

Eron noyabr oyida Jenevada erishilgan bitimga muvofiq yadro faoliyatini to’xtatishga kirishgan. BMTning Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarmasiga ko’ra, Eronning Natans va Fardo yadro zavodlarida uranni 20 foizga boyitishda qo’llangan sentrifugalar ishi to’xtatilgan.

Tehron BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya bilan muloqot chog’ida uranni besh foizdan ortiq boyitmaslikka hamda yuqori boyitilgan uran zaxirasini kamaytirishga so’z bergan.

AQShning ikki prezidentiga maslahatchilik qilgan Brent Skoukroftning (1974-77-yillarda Jerald Ford, 1989-93-yillarda esa ota Jorj Bush ma'muriyatlarida ishlagan) aytishicha, jiddiyroq muzokaralarga yo’l ochib bergan muvaqqat kelishuv olg’a qadam bo’ldi.

“Muloqot samarali bo’ladimi, yo’qmi, bunisini aniq aytolmayman. Ammo ikki jiddiy o’zgarish yuz bergani aniq: birinchidan, sanksiyalar Eron iqtisodiyotini holsizlantirmoqda. Ikkinchidan, Eronda ancha mo’tadil qarashga ega arboblar hokimiyatga keldi. Ularning qanchalik salohiyatga egaligini aytish qiyin, chunki Eronda siyosiy boshqaruv tizimi nihoyatda murakkab. Ammo hozir yangi imkoniyat ochilganiga shubha yo’q,” - deydi Skoukroft.

AQSh Dengiz piyoda kuchlarining iste’fodagi generali Entoni Zinni 1997-2000 – yillarda Qurolli Kuchlar Markaziy qo’mondonligini boshqargan, Yaqin Sharqda AQSh harbiy operatsiyalariga bosh bo’lgan.

Asosiy muammo taraflar orasida ishonchning yo’qligi, deydi u.

“Mintaqadagi hamkorlarimiz, nafaqat Isroil, balki Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqalar muloqotdan foyda bo’lishiga ishonmaydi. Aksariyati bu shartnomaga ko’proq Eron emas, Amerika muhtoj, Tehron esa jarayon bahonasida vaqtdan yutishga harakat qilyapti, deydi. Mintaqa davlatlarining biz va boshqalarga nisbatan qanchalik samimiy ekanini muzokaralar davomida ko’ramiz,” - fikr bildiradi Zenni.

Olti davlat va Eron yakuniy bitim ustida ishni boshlar ekan, AQShda ko’pgina senatorlar Tehronga nisbatan keskinroq sanksiyalar joriy etish kerakligini aytmoqda. Qonunchilar fikricha, aynan sanksiyalar Eronni muzokara boshlashga majbur qildi. Demak, yangi choralar Eron rahbariyatini bitimga yanada jiddiyroq yondashishga undaydi.

Prezident Barak Obama yangi sanksiyalarga qarshi.

“Men tinchlik va diplomatiya tarafdoriman. Shu bois Kongressga hozir yangi sanksiyalar kiritish to’g’ri emas, deb aytdim. Avval diplomatlarimiz va boshqa mutaxassislarimiz ishini qilsin”.

Eron va dunyoning olti davlati o’rtasida erishilgan olti oylik shartnomaga ko’ra, BMT, Yevropa Ittifoqi va Qo’shma Shtatlar bu davr mobaynida yangi sanksiya joriy eta olmaydi. Eron hukumati kelishuv shartlari buzilgan taqdirda muzokaralardan chiqishini bildirgan. Obama Kongressning yangi sanksiyalarni o’z ichiga olgan har qanday qaroriga veto qo’llashini ma’lum qildi.

General Zinni qonunchilar bir oz kutishi kerak, deb hisoblaydi. Ammo keskinroq chora tarafdorlari ham kam emas. AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton shular jumlasidan.

“Men sanksiyalar tarafdoriman. Nazarimda, rejimga qancha ko’p bosim o’tkazsak, shuncha yaxshi. Tuzumning qulashi va yangi odamlarning hokimiyatga kelishiga yetaklovchi har qanday chorani qo’llab-quvvatlayman,” - deydi Bolton.

Tahlilchilar fikricha, sanksiyalar muhokamasi davom etar ekan, 20-yanvarda boshlanayotgan muzokaralar kelishuv uchun eng yaxshi imkoniyatdir. Ammo jarayonning nihoyatda qiyin kechishiga hech kimda shubha yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG