Eron bilan muzokaralarning navbatdagi bosqichi muvaffaqiyatli o'tishiga umid kam

  • Amerika Ovozi

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy

Eron hamda dunyoning olti davlati rasmiylari Venada Tehron yadro dasturi yuzasidan muzokaralarning navbatdagi bosqichini boshlash arafasida turibdi. Anjumandan maqsad Eronning atom qurolini qo’lga kiritishiga yo’l qo’ymaydigan yakuniy kelishuvga erishish. Buning evaziga Tehronga qarshi qaratilgan iqtisodiy jazo choralari bekor qilinadi.
Uch oy avval Eronning yadro dasturiga so’nggi nuqtani qo’yish imkoniyati yuqori edi.

Ammo islomiy inqilobning 35 yilligiga bag’ishlangan tantanada nutq so’zlagan Eron prezidenti Hasan Ruhoniy yadro dasturi “abadiy” davom etishi haqida gapirdi. U, shuningdek, xalqaro kuchlar Eronga harbiy hujum uyushtirishi mumkinligi haqidagi ehtimollarni inkor etdi.

AQSh prezidenti Barak Obama bu gaplardan ko’p xavotir olmagandek ko’rindi.

“So’nggi maqsadimiz, ya’ni Eronning yadro qurolini qo’lga kitirishiga yo’l qo’ymaslik bo’yicha qarorimiz qat’iy. Shunga ishonch hosil qilishimizga imkon beruvchi kelishuv bo’lsa, biz uni qabul qilishimiz mumkin. Agar unday bo’lmasa, yo’q deymiz”, - deydi u.

“Eng katta to’siq shundaki, so’nggi kelishuvga erishish uchun tomonlar bir-birlarini shu paytgacha ko’rilgan choralarga ishontirishi qiyin bo’ladi”, - deyi sobiq AQSh elchisi Richard LeBaron.

“Ishonch hosil qilish hamda zarur tekshiruvlarni o’tkazish bo’yicha biz Eron o’ylagandan ko’ra ko’proq narsa talab qilamiz”, - deydi u.

Muvaqqat kelishuv qabul qilinganiga qaramay, yakuniy bitim uchun lozim bo’lgan ishonch darajasiga erishish qiyin kechyapti, deydi Kongressda mavzu bo’yicha guvohlik bergan tahlilchi Deyvid Olbrayt.

“O’tmishdagi muvaffaqiyat kelajakda ham muvaffaqiyat keltiradi, degan qarash tog’ri emas. Narsalarni yashirish bo’yicha Eronning tajribasi oshib boryapti”, - deydi u.

Senatdagi Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Robert Menendez shundan xavotirda.

“Eron yadro quroli yaratish imkoniyatiga ega emasligiga ishonch hosil qilmagunimizcha, biz hech narsaga rozi bo’lmaymiz”, - deydi u.

Menendez Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish tarafdori bo’lgan senatorlardan biri. Eron Tashqi ishlar vaziri Javad Zarif bu harakatlarni o’zaro ishonch qurish yo’liga to’siq deb hisoblaydi.

“Afsuski, so’nggi ikki oyda amerikaliklarning o’zini tutishi o’rtadagi ishonchga putur yetkazdi”, - deydi u.

Eron iqtisodiyoti shu paytgacha qo’llangan jazo choralaridan ko’p yo’qotishga uchragani bois, Tehron so’nggi kelishuv shartlariga rozi bo’ladi, deydi Demokratiyani himoya qilish jamg’armasi tahlilchisi Mark Dubovits.

“Agar prezident Ruhoniy eronliklar uchun iqtisodiy o’sish bo’lishini istasa, muzokaralarga qaytib, xalqaro hamjamiyat talablarini bajarishga majbur bo’ladi”, - deydi u.

Ammo uzoq yillardan beri xalqaro talablarni ochiqchasiga rad etib kelayotgan davlatdan bunday natijani kutish qiyin, deydi boshqa kuzatuvchilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG