Eron bilan kelishib olish uchun hali vaqt bor, deydi AQSh prezidenti

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama fikricha, Eron yadro dasturi atrofidagi tortishuvlarni diplomatiya vositasida hal etish mumkin, buning uchun hali vaqt bor. Islomiy respublika yadro quroli yaratish niyati yo’qligini isbotlashi kerak.

O’tgan oy xalqaro inspektorlarning Tehronga safari natijasiz yakunlandi. Ular yadroviy obyektlarga qo’yilmagan.

Eron u yerda nimani yashiryapti? Dastur faqat tinch maqsadni ko’zlasa, nega inspektorlarni yo’latmaydi? Diplomatiya va sanksiyalar samara berishi uchun qancha vaqt kerak?

Prezident Barak Obama va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu kecha Oq uyda ana shularni muhokama qildi.

AQSh rahbarining ta’kidlashicha, yahudiy davlatini yo’q qilishga chaqirgan tuzum qo’liga yadro quroli tushmasligi lozim.

“Muammoga diplomatik yechim topilishi uchun hali vaqt bor. Ammo bu sa’y-harakatlar qanday yakunlanishi ko’p jihatdan Eronning o’ziga bog’liq”, - deydi Barak Obama.

Yaqin Sharqdek beqaror mintaqada qurol poygasi boshlanishiga yoki bu yadro bombasi terrorchilar qo’liga tushishiga aslo yo’l qo’ymaymiz, deya qo’shadi prezident.

Kuzatuvchilar fikricha, Isroil Eronga shu yili hujum qilishi mumkin. Ammo harbiy operatsiyani boshlashga nima turtki berishi haqida rasmiylar og'iz ochmaydi.

Obama bilan uchrashuvda Benyamin Netanyaxu yahudiy davlati har qanday tahdiddan o’zini himoya qilish huquqini e’tirof etdi.

“Xavfsizlik va mudofaa masalalariga kelganda, qarorlarni o’zimiz qabul qilamiz. Do’stligimiz haqqi, Vashington ham buni tushunadi”, - deydi vazir.

Isroil o’z taqdirini o’zi hal eta olishi darkor, buni ta’minlash mening oliy burchim, dedi Netanyaxu.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG