Sanksiyalar olinsa, Eron tashqi siyosati qanchalik o'zgarishi mumkin?

  • Amerika Ovozi

Eron oliy diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy

Eron oliy diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy

Eron yadro dasturiga doir dastlabki bitim xususida muzokara qilgan rasmiylarning aytishicha, bu Eronni atom qurolini qo’lga kiritishdan qaytarishga hamda dunyoni yanada xavfsizroq qilishga qaratilgan birinchi qadamdir.

Ammo ayrim kuzatuvchilar xavotiriga ko’ra, Tehronga qo’yilgan sanksiyalarning bekor qilinishi islomiy respublika moddiy bazasini yaxshilab, qudratini boshqa yo’nalishda oshirishga imkon yaratadi.

Sanksiyalar joriy etilmasidan oldin Eron iqtisodiyoti yiliga olti foiz sur’atda o’sayotgan edi. Jazo choralari Tehronga har oy besh milliard dollarga tushib, iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqda.

Xalq joriy yil prezidentlikka saylangan Hasan Ruhoniydan yetakchi davlatlar bilan muzokara qilib, sanksiyalarni tugatishda tashabbus kutmoqda.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Jenevadan yurtiga qaytganida omma uni qahramon kabi kutib oldi.

Sanksiyalar olib tashlanishi uchun Eron fuqarolari uchun milliy faxr hisoblangan yadro dasturining bir qismidan voz kechishga majbur.

Balki Eron rahbarlari mamlakatining dunyoda yakkalanishiga olib kelgan qurol loyihasining bahridan o’tishga qaror qilgandir. Axir, oxir-oqibatda qudratli kuchga ega bunday qurolni global qarshilik mavjud bir sharoitda ishga solishning imkoni ham bo’lmas.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida Eron g’aznasi yana to’la boshlasa, uning mafkurasi va siyosatini targ’ib qilayotgan kuchlar va ittifoqchilarini qo’llab-quvvatlashi osonlashadi. Masalan, Iroqdagi shia hukumat, Livandagi Hizbulloh harakati, Suriyada Bashar Assad rejimini.

Eron bo’yicha yevropalik mutaxassis Torbyorn Soltvedning aytishicha, Tehronning asosiy vazifasi iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash.

"Iqtisodiy jihatdan kuchli Eron mintaqada faol bo’lishi mumkin".

Bu yadro qurolichalik xavfli bo’lmasa-da, boshqa davlatlar siyosatiga faol ravishda aralashish Eronning mintaqa va G’arbdagi raqiblarini ancha asabiylashtirishi mumkin.

Inqirozlarni o’rganuvchi xalqaro tashkilot tahlilchisi Ali Voizning aytishicha, olti oydan keyin qabul qilinishi kutilayotgan yakuniy, kattaroq bitim Eronning xalqaro sahnadagi munosabatlarini ijobiy tomonga buradi.

"Asosiy hujjat imzolansa, Eron unga nisbatan tahdid darajasi pasayganini ko’radi. Shunda mintaqada mojaroni chegarasidan uzoqlashtirish vositasi bo’lib xizmat qilayotgan guruhlarni qo’llab-quvvatlashiga hojat qolmaydi", - deydi Ali Voiz.

Biroq Britaniyaning Erondagi sobiq elchisi Richard Dalton nazarida bu eng optimistik ssenariy.

"Mening fikrimcha, Eronning hozirgi rahbarlari, jumladan, oliy diniy rahnamosi ham, agar yadro dasturi masalasida G’arb bilan kelisha olmasa, Eron davlati, Eron xalqi farovon bo’lmasligini, islomiy respublika kelajagi barqaror bo’lmasligini anglab yetgan ko’rinadi", - deydi diplomat.

Eron atom dasturini rivojlantirish uchun ko’p harakat qildi, ko’p pul sarfladi. Bu davlat rahbarlari dastur tinch maqsadlarga qaratilganini, elektr energiyasi olish va tibbiy tadqiqotlar o’tkazish uchun zarur ekanini aytib keladi. Endi ular buni xalqaro jamoatchilikka isbotlay olsa, iqtisodiyotini tiklab, xalqaro aloqalarini yaxshilash imkoniyatiga ega bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG