Eron yadro dasturi bo'yicha muzokaralar iyulgacha uzaytirildi

  • Amerika Ovozi

G'arb diplomatlariga ko'ra, Eron yadro dasturi bo'yicha xalqaro muzokaralar yana olti oyga, iyul oyiga qadar uzaytirildi. Kecha yakuniy bitim imzolash uchun so'nggi kun edi, biroq Eron va u bilan muzokaraga kirishgan olti davlat ayrim masalalarda kelisha olmadi.

Muloqot bir yildan beri davom etmoqda. Maqsad Tehrondan yadro dasturini qisqartirishga erishish va buning evaziga unga qo'yilgan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilish.

Qo'shma Shtatlar avvaliga muloqotni uzaytirmaymiz degan edi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi bilan bu haqda Venada gaplashgan. Britaniya, Fransiya, Rossiya, Germaniya va Eron tashqi ishlar vazirlari ham hozir Venada.

AQSh Prezidenti Barak Obamaning aytishicha, yakuniy bitim imzolanmagan bo'lsa-da, bir yil oldin qabul qilingan vaqtinchalik shartnoma Eronni yadro qurolini yaratish harakatidan to'xtatib turibdi va bu ijobiy hol.

Obama Tehronning Isroilga nisbatan siyosatini tanqid qildi, Eronni terrorizmni qo'llab-quvvatlovchi davlat deb atadi, ammo agar yadro dasturi bo'yicha yakuniy bitimga kelishilsa, dedi u, Tehron siyosatiga doir e'tirozlardan biriga barham beriladi va uning dunyo hamjamiyati bilan munosabatlari ijobiy tomonga o'zgaradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG