Eron yadro dasturiga doir bitim ijrosi qanday ketayapti?

  • Amerika Ovozi

Tahlilchilar so'zlariga ko'ra, taqiqlar-sanksiyalar olingach, Eron iqtisodiy jihatdan oyoqqa turib olishi mumkin.

Tahlilchilar so'zlariga ko'ra, taqiqlar-sanksiyalar olingach, Eron iqtisodiy jihatdan oyoqqa turib olishi mumkin.

Eron yadro dasturiga doir xalqaro kelishuv kecha, yakshanba kuni kuchga kira boshladi. Uning ijrosi uchun nimalar qilinmoqda? Qo'shma komissiya ana shuni muhokama qilish uchun bugun birinchi majlisini o'tkazadi. Bugungi sessiyada Eron, Amerika, Britaniya, Xitoy, Fransiya, Rossiya, Germaniyadan yuqori lavozimli mutasaddilar qatnashayapti.

Xalqaro hamjamiyat vakillari Venada jamul-jam bo'ldi. Iyul oyida aynan shu shaharda Eron yadroviy dasturini qisqartirish evaziga Tehronga qo'yilgan sanksiyalarni yumshatishga kelishib olingan edi.

Qo'shma komissiya yiliga to'rt marotaba ko'rishadi va Araq shahridagi reaktor va Fordo zavodida olib borilayotgan ishlarni, sanksiyalarni sekin-asta olib tashlash yo'llarini muhokama qiladi. Biror qoida buzilgani, kelishmovchiliklar bor-yo'qligini ham ana shu komissiya aniqlaydi.

Prezident Barak Obama sanksiyalarni bekor qilishga tayyorgarlikni boshlashga ko'rsatma bergan. Eron esa minglab sentrifugalarni olib tashlashga, uran zaxiralarini kamaytirishga hozirlikni boshlagan.

"Bu qarorni olqishlayman. Hamkorlar bilan Eron yadro dasturi borasida erishilgan bitimning to'laqonli ijrosiga kirishaylik", - deydi Obama.

Yevropa Ittifoqi a'zo davlatlarga sanksiyalarni bekor qilishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini yakshanba kuni ma'qulladi.

Lekin Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayerning aytishicha, Tehron haqiqatan bitimga amal qilayotganini isbotlasagina, sanksiyalar butunlay kuchini yo'qotadi. Eron joriy yil oxirigacha bunday dalillarni taqdim eta olishini bildirmoqda.

Tahlilchi Reva Ballaning so'zlariga ko'ra, taqiqlar olingach, Eron iqtisodiy jihatdan oyoqqa turib olishi mumkin. Xususan, omborlarda qolayotgan 40-50 million barrel neft shu zahoti jahon bozoriga chiqishi mumkin, deydi u.

Bu o'rtada AQSh va Fransiya Eronning yaqinda o'rta masofali raketasini sinovdan o'tkazganidan xavotir bildirmoqda. Tehron qudratli qurollar ishlashda tobora olg'a siljiyotganidan nishona bu, deydi AQSh va Fransiya rasmiylari. Shu masala ham bugungi qo'shma komissiya sessiyasida muhokama qilinishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG