Eron yadro dasturi bo'yicha murosaga qanchalik tayyor?

  • Amerika Ovozi

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy

Bugun Jenevada Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralarning navbatdagi davrasi boshlandi. Ayrim kuzatuvchilar nazarida, Eronda eng konservativ kuchlar ham jarayonga umid bilan qaramoqda va tomonlarning kelishishini istaydi. Muloqot samara bermasa, Eronga qo’shimcha sanksiyalar qo’yilishi muqarrar.

Eron va P5+1 guruhiga a’zo mamlakatlar (AQSh, Rossiya, Fransiya, Xitoy, Britaniya, Germaniya) tashqi ishlar vazirlari oy boshidagi uchrashuv paytida bitim imzolashga yaqin edi, ammo ayrim sabablarga ko’ra, buning iloji bo’lmadi. Eron Fransiyani ayblasa, Ga’rb davlatlari nazarida kelishuvga Tehron to’sqinlik qilgan. Bu safar pastroq lavozimdagi diplomatlar imkoniyatdan foydalanishga harakat qiladi.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif muvaffaqiyatga yaqinmiz, deydi.

"Hammamiz hozir bir to’lqindamiz, bu esa masalani hal etishga so’zsiz yordam beradi", - deydi vazir.

Ayrim mavzular yechimini topish oson bo’lmayapti. Ekspertlar nazarida tomonlar boshlang’ich pallada iqtisodiy sanksiyalarni yumshatish evaziga Eron yadro dasturiga ayrim cheklovlar qo’yishga kelishib olsa yaxshi bo’lardi. Eron oliy diniy rahnamosi oyatulla Ali Xomeneiy ham bunga qarshimasdek ko’rinadi, deydi ular.

"Diniy rahbar Eron manfaatlariga nima to’g’ri kelishini yaxshi biladi", - deydi Oksford tadqiqot guruhi tahlilchisi Gabriela Rifkind.

Ekspert fikricha, Xomeneiy zakovatli rahbar.

"Ayrimlar uni mafkuraviy manfaatlardan chetga chiqmaydigan arbob deb o’ylaydi, ammo aslida u ancha chuqur fikrlaydigan shaxs", - deydi Rifkind.

Bosh oyatulla Erondagi konservativ arboblarga yangi saylangan prezident Hasan Ruhoniyni hozircha bezovta qilmaslikni, unga diplomatik sahnada bir oz imkon berishni so’ragan. Xalq hukumatdan sanksiyalar oqibatida zarar ko’rayotgan iqtisodiyotni tiklashni talab qilar ekan, Xomeneiy vaziyatni yaxshi tushunadi, Ruhoniy ham aynan shu sababga ko’ra hokimiyatga kelgan, deydi tahlilchilar.

Surixdagi (Shveysariya) xavfsizlik markazi tadqiqotchisi Roland Poppning aytishicha, Eron murosaga tayyor, ammo o'z chegarasi bor.

"Ularning murosa qilishiga shubham yo’q, biroq taslim bo’lmaydi. Chunki Eronda yadro dasturini qo’llab-quvvatlovchilar ko’p. Bu millat faxridir. Odamlar muzokaralar yordamida sanksiyalarni bekor qilish mumkinligiga ishonadi", - deydi ekspert.

Tahlilchilar nazarida muzokara qilayotgan tomonlar shunday bir bitimga kelishishi kerakki, xalqaro hamjamiyat Erondan yadro dasturini bekor qilishni talab qilmagan holda Tehron atom bombasi ustida ishlamayotganiga qoniqish hosil qilsin. Shundan so’ng sanksiyalar Eronni qisqa muddatda qoniqtiradigan darajada yumshatilishi kerak. Uzoq muddatda esa ularni butunlay bekor qilish uchun Eronda muzokaralarni davom ettirishga qiziqish yo’qolmasligi lozim, deydi mutaxassislar.

"Eronning neft va moliyaviy sohalariga qo’yilgan sanksiyalar ayni damda olib tashlanadi, deb o’ylamayman", - deydi Gabriela Rifkind.

Tehronning muzokaralardan ko’zlagan maqsadi ana shu yirik jazo choralaridan xalos bo’lish. Hozir bo’lmasa ham, olti oydan keyin. Shu kunlarda muloqot qiyin kechayotgan bo’lsa-da, tomonlar murosa qila olsa, keyinchalik jarayon yanada qiyinlashishi, har ikki tomon kattaroq masalalarda yon berishga majbur bo’lishi mumkin.

Prezident Barak Obama kecha bir guruh senatorlar bilan uchrashib, ularni Eronga hozircha yangi sanksiya qo’ymaslikka chaqirgan. Eronning niyati qanchalik jiddiy ekaniga sinov bu, deydi Oq uy matbuot kotibi Jey Karni.

"Xalqaro hamjamiyat Eron atom qurolini yaratish rejasidan butunlay voz kechganiga to’liq amin bo’lishi lozim", - deydi rasmiy.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Tehronga yadro quroli yo’lidan borishga ijozat bermaymiz va xalqaro hamjamiyatni bu maqsad yo’lida hamfikr bo’lishga chaqiramiz, deydi.

"Jarayon tiniq, ochiq, osonlikcha tekshirsa bo’ladigan, Eron yadro qurolini qo’lga kirita olmasligini kafolatlovchi bo’lishi zarur. Bu Isroildagi do’stlarimizga, mintaqadagi do’stlarimizga, AQShdagi barchamiz, jumladan Kongressga oydin bo’lishi kerak", - deydi Kerri.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG