Oq uy: Obama Eronga yangi sanksiya qo'yuvchi qonun loyihasiga veto qo'yadi

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama

Prezident Obama

Oq uy rasmiylari prezident Barak Obama Eronga iqtisodiy sanksiyani o’z ichiga olgan har qanday qonun loyihasiga veto qo’yishini bildirmoqda. Bir guruh senatorlar Jenevada Eron yadro dasturi bo’yicha erishilgan bitimdan qoniqmay, Tehronga qo’shimcha sanksiya qo’ymoqchi.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining aytishicha, bunday choraga hojat yo’q.

"Yangi sanksiyalar Eron bilan kechayotgan muzokarani izdan chiqarishi mumkin", - deydi u.

Senatda ko’rilayotgan hujjat loyihasini 26 demokrat va respublikachi qonunchi qo’llab-quvvatlamoqda. Senator Jon Makkeynning aytishicha, yangi sanksiyalar Eron xalqaro muzokarachilar bilan kengroq va mukammalroq bitimga kelisha olmagan taqdirda kuchga kiradi.

Jeneva bitimi olti oyga mo’ljallangan bo’lib, cheklangan maqsadlarni ko’zlaydi. Bu davr mobaynida Eron, AQSh, Rossiya, Xitoy, Fransiya, Britaniya va Germaniya vakillari keng qamrovli hujjat ustida muzokara qiladi.

Senatda ko’rilayotgan choralardan biri shuki, agar muloqot ish bermasa va Isroil Eron yadro inshootlariga mustaqil ravishda zarba berishga qaror qilsa, AQSh uni harbiy, diplomatik va iqtisodiy tomondan qo’llab-quvvatlash majburiyatini oladi. Qonun loyihasi yanvarda Senatda ovozga qo’yilishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG