Pokiston Eron bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda

  • Amerika Ovozi

Pokistonda yonilg'ining tanqisligi Eron bilan bu borada hamkorlikni kuchaytirishga majburlamoqda

Pokistonda yonilg'ining tanqisligi Eron bilan bu borada hamkorlikni kuchaytirishga majburlamoqda

Eron yadro dasturi tufayli xalqaro sahnada yolg’izlanayotganiga qaramay Pokiston energetika va xavfsizlik bobida bu davlat bilan hamkorlikni kuchaytirmoqchi. Islomobod Tehron bilan gaz quvurini tushirish xususida gaplashib, Qo’shma Shtatlar bilan munosabatlarini sovuqlashtirishi mumkin.

So’nggi kunlarda Islomobodda ikki davlat rasmiylari uchrashib, Erondan Pokistonga gaz quvurini uzatish mavzusida fikr almashgan. Loyiha 1,5 milliard dollar atrofida baholanmoqda. Joriy hafta Pokiston Ichki ishlar vaziri Rahmon Malik Eron bilan chegara xavfsizligini kuchaytirishga doir bitim imzoladi.

AQSh va Yevropa davlatlari Eronni yadro quroli ustida ishlayotganlikda ayblab, qator iqtisodiy sanksiyalar joriy etgan bir paytda unga ittifoqchi Pokistonning Eron bilan yaqinlashuvi Vashingtonni asabiylashtirishi tabiiy.

Eron yadro dasturi tinch maqsadlarga qaratilganini aytib keladi.

Sanksiyalar Eron bilan ish qilgan kompaniyalar biznesiga ta’sir qildi, deydi AQSh elchixonasi xodimi Rian Xarris.

"Kompaniyalarga BMT va AQSh sanksiyalariga xilof faoliyatdan uzoqroq turishni tavsiya qilganmiz", - deydi u.

Qo’shma Shtatlar nazarida Pokistonning yonilg’iga bo’lgan ehtiyojlarini qoplashning Erondan boshqa yo’llari ham bor. Masalan, Afg’oniston orqali o’tishi rejalanayotgan turkman quvuri. Bundan tashqari Rian Xarrisning aytishicha, Vashington Pokistonda gidro va issiqlik energiyasiga doir yirik loyihalarni moliyalamoqda.

Eron-Pokiston quvuri salkam 10 yil muhokama qilingan. Endi esa tomonlar bitim imzolashga yaqin turibdi. Gaz narxi va quvurning Pokistondagi qismi qurilishini moliyalash kabi masalalar yechimini topsa bas.

Lohur universiteti professori, siyosatshunos Rasul Baxsh Raisning aytishicha, Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariyni yonilg’i ehtiyojlaridan ko’ra shu yilda o’tishi rejalangan saylovlar ko’proq qiziqtiradi.

Pokiston energiya resurslariga muhtoj ekan, hukumat muammoni bartaraf eta olmayotganlikda tanqidga uchrab keladi.

Professor Raisning aytishicha, Eron quvuri ishga tushgani bilan Tehron Pokistonni gaz bilan yetarli miqdorda ta’minlay olishiga va narxlar keyinchalik ko’tarilib ketmasligiga kafolat yo’q. Bundan tashqari kelishuv Islomobodga siyosiy tomondan qimmatga tushishi mumkin, deydi u.

"Xalqaro valyuta jamg’armasi, Yevropa Ittifoqi va AQShning moliyaviy yordamiga tobe Pokiston iqtisodiyotining holi keyin nima kechadi? Buni bilmaymiz", - deydi Rais.

Olim nazarida Pokiston siyosiy va biznes rahbarlari Eronni deb xalqaro hamjamiyat nazaridan qolishni istamaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG