Eronning maxfiy harbiy bazasi mahalliy mutaxassislar tomonidan tekshiriladi

  • Amerika Ovozi

Tehron yaqinidagi Parchin harbiy bazasining fazodan olingan surati, 13-avgust, 2004-yil.

Tehron yaqinidagi Parchin harbiy bazasining fazodan olingan surati, 13-avgust, 2004-yil.

“AP” axborot agentligining xabar qilishicha, BMTning Xalqaro atom energiyasi agentligi va Eron o’rtasida Parchin atom zavodini tekshirish bo’yicha maxfiy bir kelishuv tuzilgan. Unga ko’ra, Eron inspeksiya paytida o’z mutaxassislaridan foydalanishi mumkin. Ushbu ma'lumot AQSh Kongressi Eron bilan erishilgan asosiy kelishuvni ovozga qo’yishi arafasida oshkor qilindi.

Obama ma’muriyati Parchin majmuasini tekshirish bo’yicha BMT agentligi va Tehron o’rtasida tuzilgan kelishuvga ishonch bildiryapti. Ayni paytda AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jon Kirbi Xalqaro atom energiyasi agentligi taklif qilgan bitim shartlari haqida aniq ma’lumot berishni istamadi.

“Agentlik Eronning o’tmishdagi faoliyatlarini tekshirishda o’ziga xos bo’lgan yangi tartibdan rozi. Bundan tashqari, Eronning xatti-harakatini kuzatib, atom dasturining noharbiy maqsadda davom etishini ta’minlash uchun agentlik shu paytgacha tinch yo’l bilan erishilgan eng mukammal kuzatuv rejimini ishlab chiqqan”, - deydi u.

Kirbiga ko’ra, Eron va Xalqaro atom energiyasi agentligi o’rtasida tuzilgan bitim g’ayrioddiy jarayon emas.

“Kelishuvdan maqsad shuki, agentlik dasturdan ilgari harbiy maqsadlar yo’lida foydalanilgan yoki yo’qligini aniqlashni istaydi. Xalqaro muzokarachilar ham shuning tarafdori bo’lgan. Hujjatning tafsilotlariga to’xtalmayman, ammo asosiy masala mavzuning ehtimoliy harbiy jihatlari yuzasidan agentlikning qoniqish hosil qilishi haqida. Chunki shu xavotirlar to’la bartaraf etilmaguncha sanksiyalar bekor qilinmaydi”, - dedi Kirbi.

“AP” xabariga ko’ra, “alohida ikkinchi dastur” deb nomlangan kelishuvning qiziq jihati shundaki, Eron uzoq yillar inkor qilib kelgan faoliyat yuzasidan dalil qidirish ishlariga Tehronning o’z mutaxassislari jalb qilinadi.

AQSh Kongressi kelasi oy ta’tildan qaytgach, Eron kelishuvi ovozga qo'yiladi. Jorj Bush hukumatida ishlagan, ayni paytda Yaqin Sharq siyosati bo’yicha Vashington instituti tadqiqotchisi Jeyms Jefris so’nggi o’zgarishlardan hayratda ekanini yashirmaydi.

“Shunga ishonchim oshyaptiki, bu ma’muriyat eronliklarning jig’iga tegmaslik uchun hamma narsa qilishga tayyor. Bu davlat Parchinda yadro bombasini yasash niyatida edi. Buni bilaman, razvedka ma’lumotlarini ko’rganman. Bu hali Kongressda ko’p aks-sado berishi aniq”, - deydi u.

Agar Kongress bitimni rad etsa, Obama bu qarorga qarshi veto huquqidan foydalanishini ma’lum qilgan. Vetoni qaytarish uchun esa qonunchilarning uchdan ikki qismi yakdil bo’lishi kerak. Jefrisga ko’ra, so’nggi yangilik Oq uy uchun yo’qotish, ammo kelishuvni to’xtatishi ehtimoli kam.

Xalqaro atom energiyasi agentligi Tehron janubida joylashgan Parchin harbiy bazasini tekshirish uchun Erondan ruxsat so’ragan. Tehron bunga javoban qurol yaratish ishlari olib borilgani aytiladigan hududning foto va video tasvirlarini BMT idorasi ixtiyoriga berishga rozi. Bu esa agentlikning hududga to’g’ridan to’g’ri kira olmasligini bildiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG