Sanksiyalar olib tashlansa, Yaqin Sharqda Eron ta'siri yanada oshadi

  • Amerika Ovozi

Eronning yadro dasturi bo’yicha dastlabki talab va majburiyatlar belgilanib, Tehron va yana olti davlat yakuniy kelishuv tomon harakat boshladi. Yaqin Sharqda xavotir shuki, agar Eronga qo’yilgan sanksiyalar olib tashlansa, bu davlatning ta’sir doirasi yanada kengayadi.

Eronda yadroviy tadqiqotlar ko’lami, ularni tekshirish mexanizmi, sanksiyalar… bular haqida Shveytsariyada yopiq eshiklar ortida gaplashib olindi.

Muzokara davom etar ekan, Yaqin Sharqdagi ayrim davlatlarni xavotir bosgan. Islomiy respublika Yamanda hutiylarni qo’llab-quvvatlayapti; Iroqda “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda qatnashayapti; Livanda Hizbulloh jangari guruhiga homiylik qilib kelayapti, deydi ular.

Eron xavfi haqida tinimsiz jar solayotgan Isroildir.

“Kelishuv Eron iqtisodiyotini oyoqqa turg’izadi. Bu salohiyatdan ular Yaqin Sharqda agressiya va terrorizmni yoyish uchun foydalanadi”, - deydi bu davlat Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu.

Obama ma’muriyati esa Shveytsariyada ma’qullangan rejani diplomatiya mahsuli, deya maqtab chiqmoqda.

“Eron Yaqin Sharqda bugun qanchalik ta’sir kuchiga ega ekanini hamma biladi. Yadro qurolini qo’lga kiritganidan keyin nima bo’lishini endi bir tasavvur qilib ko’ring”, - deydi Davlat departamenti vakili Mari Xarf.

Qurol nazorati bo’yicha ekspert Kelsi Davenportning tushuntirishicha, Eronga jiddiy xavf deb qaraydigan davlatlar va guruhlar borki, ularning pozitsiyasini o’zgartirish qiyin.

“Ularning talabi bitta - Eron yadro programmasidan butunlay voz kechsin”, - deydi u.

Sanksiyalar olib tashlangach islomiy respublika kuchga to’ladi degan xavotirlar o’rinli, deb hisoblaydi Yaqin Sharq bo’yicha tadqiqotchi Emanuel Ottolengi.

“Boylik - Eron uchun mintaqaviy siyosatni, tashqi siyosatni o’zgartirish quroli. Xususan, terrorchi tashkilotlarni moliyalaydi, o’z manfaatlarini olg’a suradi, hech bir blokka qo’shilmagan davlatlar orasida faolligini oshiradi”.

Eron o’zini tiklab olishidan eng ko’p qo’rqayotgan davlat – Isroil. Shuningdek, Saudiya Arabistoni.

“Saudiya Arabiston va Eron orasida kuchli raqobatchilik mavjud. Har ikkisi islom dunyosida mash’al, yo’l ko’rsatuvchi rolida bo’lishni istaydi. Murosa haqida gap bo’lishi mumkin emas”, - deydi Ottolengi.

Eron sanskiya va cheklovlardan qutulsa, savdo-sotiqdan ancha foyda ko’radigan mamlakatlar ham bor, deydi ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG