Eron yangi prezidenti xalqqa murojaat qildi

  • Amerika Ovozi

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy

Eronda juma kuni o’tgan prezident saylovlarida g’olib chiqqan olti nomzoddan biri, Eron yadro dasturi bo’yicha sobiq muzokarachi Hasan Ruhoniy bugun televideniye orqali xalqqa murojaat qilib, mamlakat tinchligi va barqarorligi uchun qonundan chetga chiqmaslikka chaqirdi. Ruhoniy milliy g’urur va davlat manfaatlarini himoya qilishga bel bog’lashini aytib, xalqdan madad so’radi.

Ruhoniy diniy arbob bo’lib, prezidentlikka nomzodlardan eng mo’tadili hisoblanadi. Saylovda qatnashgan salkam 37 million saylovchining 19 millioni yoki 50,6 foizi unga ovoz berdi. Ikkinchi o’rinni 16 foiz ovoz bilan Tehron hokimi Muhammad Bag’ir Qalibaf egalladi.

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Ruhoniyni g’alaba bilan tabriklab, mintaqaviy va xalqaro masalalarda konstruktiv rol o’ynashga chaqirdi.

Obama ma’muriyati Eron xalqining saylovda ishtirok etganini olqishlab, uning tanlovini hurmat qilishini bildirdi. Shunga qaramay Oq uy jarayonda kamchiliklar bo’lganini ta’kidladi.

"Qo’shma Shtatlar Eron bilan bevosita muloqot qilib, yadro dasturi bilan bog’liq muammolarni diplomatik yo’l bilan hal etishga tayyor", - dedi Oq uy matbuot kotibi Jey Karni.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu xalqaro hamjamiyatni ogoh bo’lishga, Ruhoniyni mo’tadil deb, Eronga qo’yilgan sanksiyalarni yumshatmaslikka chaqirdi.

Yangi rahbar xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarni yaxshilashga so’z bergani bilan, ayrim tahlilchilar nazarida tashqi siyosatga doir muhim qarorlarni Eronda prezident emas, oliy diniy arbob qabul qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG