Breaking News

G’arb Eronni neft daromadidan ham ayirmoqchi


G’arb Eronni neft daromadidan ham ayirmoqchi
G’arb Eronni neft daromadidan ham ayirmoqchi

Eronga qo’yilgan sanksiyalar sirtmog’i taranglashgan sari, G’arb davlatlari bilan munosabatlar ham keskinlashib borayapti.

Yadroviy dasturini to’xtatib, muzokaraga qayting, degan chaqiriqlarga mullalar “yo’q” deya javob beradi. Ziddiyatlar harbiy mojaroga yetaklashi mumkin, degan xavotir bor.

Fors ko’rfazida harbiy mashqlar… “Bizni tinch qo’ymasangiz, Xo’rmuz bo’g’ozini yopamiz”, degan ogohlantirishlar. AQSh va Yevropa Eronni neft daromadidan ayirmoqchi. Bu davlat uran boyitishni davom ettirmoqda. Yaqinda yadroviy olimlaridan biri bomba xurujida halok bo’ldi.

Bu voqealar shundan dalolatki, ehtimol harbiy choradan boshqa yo’l yo’q, deydi strategik izlanishlar instituti eksperti Mark Fitzpatrik.

“Islomiy respublika buni qanchalik rad etmasin, sanksiyalar ta’sirini sezib turibdi, deydi u. Bosim oshgani oshgan”, - deydi u.

G’arb Eronni neft daromadidan ham ayirmoqchi
G’arb Eronni neft daromadidan ham ayirmoqchi

Eronlik tahlilchilarga ko’ra, agar neft embargosi joriy etilsa, bu urush e’lon qilish bilan barobar. Tehron qattiq qarshilik ko’rsatishini kutavering.

“Xo’rmuz bo’g’ozini yopish – Eron qo’lidagi eng kuchli qurol”, - deydi Tehron universiteti olimi Sodiq Zibokalom.

Ammo regionda katta qo’shinga ega Qo’shma Shtatlar savdo yo’llari yopilishiga hech qachon yo’l qo’ymaydi. Bu haqda ochiq aytgan.

Tahlilchi Patrik Klosonning aytishicha, Eron Xo’rmuz bo’g’ozini haqiqatdan ham yopadigan bo’lsa, AQSh qarab turmaydi. Kerak bo’lsa, harbiy kuch qo’llanadi.

Vashington Osiyodagi hamkor davlatlardan Eron neftidan voz kechishni so’rab keladi.

Yaqinda Eron markaziy bankiga yangi sanksiyalar qo’yish borasida qaror qabul qilindi. Muddao oydek ravshan, uning yadro dasturini tugatish, deydi AQSh Moliya vaziri Tim Gaytner.

Tim Gaytner, AQSh Moliya vaziri
Tim Gaytner, AQSh Moliya vaziri

“Eron markaziy bankini xalqaro moliya sistemasidan uzish yo’llarini ko’rib chiqayapmiz. Shunda neft daromadidan ham ayriladi”, - deydi vazir.

Sanksiyalar ta’siri ostida Eronda inflyatsiya yanada ko’tarilgan. Narx-navo osmonda. Rial qadrini yo’qotyapti.

“Eronda ahvol nihoyatda og’irlashgan, chunki Amerika boshqa davlatlar bilan birgalikda harakat qilayapti”, - deydi tahlilchi Patrik Kloson.

Xalqaro atom boshqarmasining bildirishicha, Eron yadro quroli ustida ish olib borayotganini isbotlovchi dalillar bor. Ammo rasmiy Tehron bunday iddaolarni rad etib keladi.

Islomiy respublika vaqti-vaqti bilan muzokaraga tayyor ekanini aytadi, biroq doimo qandaydir shartlar bilan. Muammoga diplomatik yechim topilishiga ishonch juda past.

“Keling, bir davraga o’tirib gaplashaylik deya turib, musht ko’rsatsangiz, bundan hech narsa chiqmaydi”, - deya fikr bildiradi Jamol Abdi, AQSh-Eron kengashi vakili.

G’arb davlatlarining Tehronga nisbatan siyosati ikki qirrali – ham bosim, ham diplomatiyani o’z ichiga oladi. Eron shartsiz muzokaraga tayyor. Ammo so’nggi oylarda harbiy to’qnashuv ehtimoli tez-tez tilga olinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG