BMT Xavfsizlik Kengashi Eronni yana sanksiya bilan jazoladi

  • Amerika Ovozi

BMT Xavfsizlik Kengashi bugun Eronni yashirin yadroviy izlanishlari uchun to’rtinchi bor sanksiya bilan jazoladi.

Kengashning 12 a’zosi chorani yoqlab ovoz bergan. Braziya va Turkiya qarshi, Livan betaraf. Chora ma'qullanishi uchun 15 vakili bor BMT idorasining kamida to'qqiz nafari rozi bo'lishi kerak edi.

Braziliya va Turkiya yaqinda Eron uran moddasini almashish bobida yangi tashabbus bilan chiqqan edi. Unga ko’ra, Eron kam boyitilgan moddani Turkiyaga uzatadi, evaziga boyitilgan yonilg’I olib, undan tibbiy izlanishlarda foydalanadi.

AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays so’zlariga ko’ra, rezolyutsiya yangi, kuchli choralarni nazarda tutadi.Biroq maqsad Eron xalqini jazolash emas, balki yashirin, xatarli yadroviy izlanishlarning oldini olish, deydi u.

Davlat kotibasi Xillari Klinton bu galgi sanksiyalar har qachongidan kuchli bo’ladi, demoqda.

Eron yadro dasturiga aloqador kishilarga moliyaviy cheklov qo’yish, ularning xalqaro maydonda qatnovini to’sish, Eron Inqilobiy Gvardiyasi va dengiz flotini jazolash shular jumlasidan.

Xususan, BMT qora ro’yxatiga 40 dan ziyod tashkilot kiritilgan. Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod sanksiya xalqaro hamjamiyat murosa qilishdan bosh tortayotganidan dalolat, deydi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Ramin Mehmonparast so'zlariga ko'ra, rezolyutsiya xato chora va vaziyatni yanada chigallashtiradi.

G'arb xavotiri shundaki, islomiy davlat ommaviy qirg'in quroli ustida ishlayotgan bo'lishi mumkin. Bu esa butun Yaqin Sharqda qurol poygasini avj oldirishi hech gap emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG