Breaking News

Eronga qarshi yangi sanksiya AQSh istaganidek "keskin" bo'lmaydi


AQSh BMT Xavfsizlik Kengashiga Eronga qarshi yangi sanksiya loyihasini uzatgan. Hujjat Xitoy va Rossiya, Eron bilan savdo aloqalariga ega davlatlar qistovi bilan ancha o’zgartirilgan. Bu esa sanksiyalar amaliy emas, ko’proq ramziy bo’lishi mumkinligidan dalolat bermoqda.

O’tgan yili AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Eron yadroviy yo’ldan qaytmasa, “unga qarshi keskin choralar ko’ramiz” deya ogohlantirgan edi.

Lekin bugun Amerika olg’a surayotgan sanksiya loyihasini hech kim, hatto Obama ma’muriyati a’zolari ham keskin deya ta’riflayotgani yo’q.

“Rossiya va Xitoy bilan hamjihatlikda yangi bir loyiha ishlab chiqdik”,- deydi Xillari Klinton.

U qabul qilinsa, bu BMT Xavfsizlik Kengashining Eronga nisbatan to’rtinchi sanksiyasi bo’ladi. Tahlilchilar uning mazmunini mujmal deya baholamoqda.

Biror yangi chora haqida gap ketayotgani yo’q deya tushutiradi ular. Eron banklari bilan aloqa man etiladi, bu davlatga tegishli yuk izchil tekshiruvdan o’tishi talab qilinadi.

Lekin tekshiruvga Eron tomon ko’nmasa, bu choradan biror naf yo’q. Qolaversa, sanksiyaning bu davlat qora oltini bilan bog’liq savdoga daxli yo’q.

STRATFOR, razvedka ma’lumotlarini tahlil qiluvchi xususiy firmada Eron bo’yicha bosh mutaxassis Riva Balla fikricha, Rossiya va Xitoy AQSh taklif qilgan choralarni deyarli qabul qilmagan.

“Haqiqatan ham, bu bir diplomatik tomosha”, - deydi olima.

“AQSh “Mana biz xalqaro hamjamiyat bilan ishlayapmiz, xususan Rossiya va Xitoy bilan til topishdik. Ular ham Eronga qarshi” deb ko’rsatishga urinayapti. Ammo sanksiya loyihasiga qarab, o’zi ular nima qilmoqchi deb o’ylanib qoladi kishi. Yangi choralar deb izohlanayotgan biror narsa aslida yangi emas; eski sanksiyalardan farqi yo’q. U yerda energetika masalasi umuman chetlab o’tilgan”.

Uzoq yillar AQSh Davlat kotibi muovini bo’lib ishlagan, keksa diplomat Nikolas Berns fikricha esa sanksiyalar ko’p jihatdan amaliy choralar bo’lmasligi mumkin, lekin ular xalqaro aloqalarda muhim rol o’ynaydi.

“Gap shundaki, bugun BMT Xavfsizlik Kengashida hamma bir fikrda, ya’ni Eron yolg’onchi, o’z atom maqsadlari haqida dunyo ahliga ochiq aytmayapti. 2006-2008 yillar orasida qo’yilgan uch sanksiyalardan tegishli xulosa chiqarmagan, BMT talablarini bajarmagan”.

Nikolas Berns deydiki, diplomatik-timsoliy jazolar bag’oyat kuchli choralar va harakatlar. Eronni xalqaro qonunlarni pisand qilmaydigan davlat sifatida yakkalab qo’yish bu davlat nufuzini yanada pasaytiradi. Bu esa, deydi u, baribir o’z ta’sirini ko’rsatadi.

Yaqinda Turkiya Braziliya bilan hamkorlikda Eronni uranni chet elda boyitishga ko’ndirgan edi. O’tgan yili BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari Tehronga bunday taklif bilan murojaat qilganida, bu davlat boshida biroz qiziqish bildirib, keyin yo’q degan edi. Bugun Eron qo’lida ko’proq yadroviy ashyolar borligi ma’lum.

G’arb rasmiylari orasida Turkiya, Braziliya va Eron orasidagi kelishuvga ishonch past. Tehron bu bitimdan foydalanib, yana dunyoni laqillatishda davom etadi, deydi diplomatlar.

Eron yangi sanksiyalardan xavfsirab, o’zini Turkiya va Braziliyaning gapiga ko’ngandek qilib ko’rsatayapti, deydi hozirda Garvard Universitetida dars berayotgan Nikolas Berns.

“Menimcha, Turkiya-Braziliya harakati bekorga ketdi. Ularning niyati ezgu ekaniga shubha yo’q, lekin ular Eronning naqadar ayyor ekanini tushunmayapti. Prezident Mahmud Ahmadinajod bilan e’lon qilingan kelishuv bu davlatga bosimni pasaytirish va BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolarini sanksiya qo’ymaslikka undashni maqsad qilgan edi”,- deydi keksa diplomat, bu harakatlar puch ekanini ta’kidlar ekan.

Bu orada AQSh Kongressi Eron yonilg’isini qayta ishlash va sotib olishni man etuvchi qonunni uzaytirish arafasida. Eron qora oltinga boy, ammo uni yonilg’iga aylantirish saholiyati katta emas.

Mutaxassislar bu qonunni kuchli deb hisoblaydi, ammo ular ta’biricha Kongress a’zolari uni uzaytirishga, kengaytirishga shoshmayapti.

“Obama ma’muriyati Kongressdan uzoqni ko’zlab ish ko’rishni so’ramoqda”, - deydi tahlilchi Riva Balla.

“AQSh Eronga qarshi chorani BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari bilan maslahatlashgan holda ko’rmoqchi, jazo qanday bo’lishidan qat’iy nazar. Obama o’zboshimcha harakatlarni yoqtirmaydi. Uning umidi shuki, Eron yakdillik bilan oshirilayotgan xalqaro bosimga bo’yin egishga majbur bo’ladi va murosa yo’lini tanlaydi”,- deydi mutaxassis.

Rossiya bu strategiyani olqishlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG