Sanksiyalardan charchagan Eron muzokaraga tayyor

  • Amerika Ovozi

Eron Milliy banki

Eron Milliy banki

Eron yadro dasturi bo’yicha yirik davlatlar bilan xalqaro muzokaralarga qaytishga tayyor ekanini bildirmoqda. Muloqot oy oxirida o’tishi mumkin. Eronda uranni boyitish dasturi davom etar ekan, G’arb davlatlari islomiy respublikaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytirgan. Navbatdagi lavhada jazo choralarining Eron iqtisodiyotiga qanchalik ta’sir qilayotganini tahlil qilamiz.

AQSh prezidenti Barak Obama o’tgan hafta Eron energetika, yuk va transport jabhalarini nishonga oluvchi yangi sanksiyalarga “fotiha” berdi. Shu kunga qadar Eron banklari va neft sanoati faoliyatiga to’siq qo’yishga qaratilgan qator bir tomonlama va ko’p tomonlama sanksiyalar joriy etilgan.

Choralardan maqsad Eron yadro dasturini moliyadan ayirish. G’arb nazarida Eron atom qurolini yaratishga harakat qilmoqda, Tehron esa dastur tinch maqsadga qaratilganini aytib keladi.

Eron P5+1 guruhi bilan muzokaraga qaytish istagi borligini yaqinda bildirdi. Guruhga BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi – AQSh, Britaniya, Rossiya, Xitoy, Fransiya hamda doimiy a’zo bo’lmagan Germaniya kiradi.

Tahlilchi Jeymi Ingremning aytishicha, sanksiyalar Tehronni muzokaraga qaytishga majbur qilmoqda.

"Bu jazo choralari Eron hamyoniga jiddiy urmoqda. Importga qo’yilayotgan cheklovlar oziq-ovqat ta’minotini uzmoqda", - deydi Ingrem.

So’nggi oylarda Yevropa Ittifoqining Eron bilan savdo hajmi ancha qisqargan. Bunga sabab, deydi Eron bilan biznes qiluvchi firmalarga maslahat beradigan mutaxassis Nayjel Kushner, Yevropa banklarining AQSh qahridan hayiqishi.

"Amerikaliklar ulardan Eron bilan ish qilmaslikni so’raydi. Bu man etilmagan bo’lsa-da, banklar iltimosni yerda qoldira olmaydi. Shveysariyadagi bir bank xodimining aytishicha, ular Eronda sotilayotgan tibbiy va gumanitar mahsulotlar uchun pulni o’zlari orqali o’tkazishni istashadiyu, lekin AQShdan qo’rqishadi", - deydi Kushner.

Konsultantning aytishicha, Eron sanksiyalarga daxli yo’q mamlakatlar bilan ish qilishga harakat qilmoqda.

"Albatta, ayrimlari bilan ishlash noqulay, xarajati ko’p bo’lishi mumkin. Eron, asosan, Xitoy va Turkiyadan tovar sotib olmoqda", - deydi Kushner.

London universiteti tahlilchisi Ali Fathulla Najodga ko’ra, Eron bank tizimiga qaratilgan choralardan eng ko’p aziyat chekmoqda.

"Moliya sektori oqsadimi, bu iqtisodiyotning boshqa jabhalariga ham ta’sir qiladi", - deydi u.

Bu tahlilchi nazarida G’arb muzokaralarda sanksiyalardan unumli foydalanishi lozim. Boshqalarning aytishicha, bu safargi muloqot chog’ida muammoga yechim qidirgandan ko’ra, ishonch rishtalarini o’rnatishga urg’u bergan afzal.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG