Eron: Saudiya Arabistoni nefti biz uchun tahdid

  • Amerika Ovozi

Eron rahbariyati Saudiya Arabistonini G’arb bilan birgalikda neft narxlarini pasaytirishga va bu bilan Eron iqtisodiga putur yetkazishga qaratilgan “fitna”da qatnashayotganlikda ayblamoqda. Bunga javoban rasmiy Tehron Saudiya Arabistoni sharqida yashovchi shialarni Saudlar hokimiyatiga qarshi chiqishga undamoqda.

So’nggi kunlarda Eronning bunday ayblovlari kuchaydi. Saudiya Arabistoni neft narxlarining pasayishiga sabab dunyo bozorlarida o’z o’rnini yo’qotmaslikka intilishdan kelib chiqayotganini ta’kidlasa-da, Tehron bunga ishonmayapti va Riyod G’arb bilan birgalikda Eronni yadroviy dasturdan voz kechishga majburlamoqchi, deya shubha bildirmoqda.

Neft narxlari iyun oyidan buyon bir barrel uchun 115 dollardan 50 dollargacha tushib ketdi.

“Bu safar biz neft narxlarining pasayishida qaysi mamlakatlar faol rol o’ynaganini unutmaymiz”, - dedi Eron parlamenti spikeri Ali Larijoniy.

AQSh rasmiylari Vashington va Riyod o’rtasida bu borada hech qanday maxfiy kelishuv yo’q, deydi.

“Saudiya o’tmishda neft narxlari pasayganida ishlab chiqarishni kamaytirib, bozorlarning bir ulushini Rossiya va Venesuelaga boy berganini yaxshi eslaydi va bunday xatoga boshqa yo’l qo’ymaslikka harakat qilmoqda”, - dedi AQSh Davlat departamenti rasmiysi.

Saudiya Arabistoni qarori ortidagi haqiqiy sabab Amerikada neftning qazib olina boshlagani, deya fikr bildirdi rasmiy.

Noyabr oyida Venada uchrashgan Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK) vakillari qazib olinayotgan neft hajmini kamaytirish masalasida kelisha olmagan edi. Saudiya hukmron bu tashkilot dunyo bo’ylab ishlab chiqariladigan neftning 40 foizini nazorat qiladi.

Neftdan olinadigan daromadga qaram davlatlar orasida Eron barobarida Rossiya, Nigeriya va Venesuela ham bor. Ular ham Riyod siyosatidan norozilik bildirib kelmoqda.

Kreml rasmiylari hozirgi vaziyat Rossiyaga qarshi qaratilgan, degan fikrda qat’iy.

Eron esa saudiyalik shialarni sunniylar hokimiyatiga qarshi chiqishga gijgijlamoqda.

Tehron rasmiysi Amir Mussaviy Saudiya qarorini o’z joniga qasd qilish bilan taqqoslagan edi.

Bunday fikr va tahdidlar ilgari ham yangragan.

Ammo bu safar mazkur bayonotlar Prezident Barak Obama Eron bilan munosabatlarni iliqlashganini ta’kidlaganidan keyin berildi. O’tgan hafta Milliy davlat radiostansiyasiga bergan intervyuda Obama Eron haqida gapirdi. Kuzatuvchilar uning sharhlarini so’nggi chorak asr davomida eng ijobiy fikr ,deya izohladi.

Eron va G’arb davlatlari hamda Rossiya va Xitoy o’rtasidagi muzokaralarning yangi bosqichi kelasi hafta Jenevada boshlanadi. G’arb hukumatlari Eronda atom bombasi ustida ishlar olib borilayotganidan xavotirda. Tehron esa yadroviy dastur faqat tinch maqsadlarni ko’zlashini ta’kiqlaydi. 2013-yil noyabr oyida Eron dasturni muzlatishni va’da qilgan, G’arb esa buning evaziga sankisylarni yengillatgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG