Saudiya Arabistoni haj yuzasidan tanqidlarni inkor etmoqda

  • Amerika Ovozi

Eron oliy diniy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomaneiy Saudiya Arabistonidan hajdagi fojea uchun kechirim so'rashni talab qildi

Eron oliy diniy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomaneiy Saudiya Arabistonidan hajdagi fojea uchun kechirim so'rashni talab qildi

Eron diniy ulamolari hajni tashkil etish va boshqarish huquqi Riyoddan olinib, boshqa musulmon o’lkalariga berilishi kerak, degan tashabbus bilan chiqmoqda. Qirol Salmon esa Minoda yuz bergan falokatga qaramay, Saudiya Arabistoni har yilgi haj mavsumini tashkil qilishda davom etishini bildirdi.

U haj davomida xavfsizlikning yomon darajada bo’lgani haqidagi tanqidlar asossiz ekanini aytib, bunday gaplar Saudiya Arabistonining muqaddas ziyoratgohlarni boshqarish salohiyatiga ta’sir ko’rsatmasligini ma’lum qildi.

“Bu bizning suverenitetimiz, xizmat va shon-sharafimiz bilan bog’liq masala. O’tgan yillar davomida qirollik odamlarning hajga kela olmasligi, kasalliklar tarqashi, tiqilinchlar va turar-joy yetishmasligi kabi muammolarni boshdan kechirdi. Lekin biz ikki muqaddas dargohning xizmatkorlari bo’lish sharafini berib qo’ymaymiz”, - deydi saudiy shahzodasi Turki al-Faysal.

Uning aytishicha, o’zgarishlarga undayotganlar fojeadan siyosiy o’yin qidirishga urinmoqda va bunga yo’l qo’yilmaydi. Insonlar musibati siyosiy manfaat quroli bo’lmasligi kerak, dedi al-Faysal.

Saudiya hukumati hisobiga ko’ra, Mino tepaligidagi fojeada 769 kishi halok bo’lgan. “AP” axborot agentligi hisobotida esa o'lganlar soni 1480 ta ekani qayd etilgan.

Hodisa Minoda shu paytgacha kuzatilgan eng katta fojea sifatida ko'rilmoqda. O’lganlarning qaysi davlatlar fuqarolari ekani haqida rasman ma’lumot berilgani yo’q.

Eron hukumati Saudiya Arabistonini haj mavsumini to’g’ri tashkil eta olmaganlikda ayblamoqda. Minoda halok bo’lganlarning kamida 465 nafari eronlik bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG