"Islomiy davlat" dushmanlarni hamkorlarga aylantira oladimi?

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" ayol jangarilari

"Islomiy davlat" ayol jangarilari

Saudiya Arabistoni “Islomiy davlat” ekstremist guruhiga qarshi tuzilayotgan xalqaro koalitsiyada yetakchi rol o’ynashi kerak. Obama ma’muriyati shunday fikrda. Eron allaqachon Iroq hukumati bilan bu boradagi hamkorlikni kengaytira boshlagan. Tehron kurdlarni qurol bilan ta’minlamoqda. Eron va Saudiya Arabistoni bir-birini g’anim deb biladi va o’zaro ishonch juda past. Eskpertlar nazarida, “Islomiy davlat” kimga qanchalik xavf solayotganini hisobga olgan holda, davlatlar dushmanimning dushmani mening do'stim qabilida ish tutishga majbur.

Iroqda ekstremistlarga qarshi kurashda kurd jangchilar faollik ko’rsatmoqda. Amerika ularni havodan quvvatlab turibdi.

Yerdan esa, deya bildiradi Iroq Kurdistoni rahbari Masud Barzaniy, Eron yordami qo’l kelmoqda. Zarur aslahani Tehron uzatib turibdi.

“Biz do’stlarimizdan yordam so’raganimizda, birinchi bo’lib Eron Islomiy Respublikasi ko’mak taklif qildi. Minnatdormiz”,- deydi kurdlar lideri.

Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarifning qayd etishicha, Tehron “Islomiy davlat” ga qarshi xalqaro koalitsiya bilan hamkorlikka shay.

"Iroq va Suriya, umuman, butun mintaqadagi vaziyat xususida xalqaro muzokaralarda qatnashib, dunyo hamjamiyati bilan kelishib ish tutishga tayyormiz”,- deydi vazir.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri koalitsiyani shakllantirish uchun mas’ul va hozirda ko’plab davlatlarning rahbarlari bilan maslahatlashmoqda. Eron roli Vashington uchun boshog’riq bo’lishi mumkin, deydi Amerikaning Iroqdagi sobiq elchisi Rayan Kroker.

"Iroqda sunniylarning g’azabini kuchaytirib, Misr, Saudiya Arabistoni va Fors ko’rfazidagi davlatlarga yoqmasligi mumkin. Zamon hamkorlik talab qilayotgani aniq lekin buni eplash juda mashaqqatli ish”,- deydi keksa diplomat.

AQSh Tinchlik institutidan olim Stiv Xeydeman nazarida esa “Islomiy davlat” tahdidi shu qadar kuchliki, davlatlar bir yoqadan bosh chiqarmasa bo’lmaydi. Gohida mana shunday kutilmagan hamkorlik samara beradi, deydi tahlilchi.

“Eron va Saudiya Arabistoni deyarli har bir masalada turlicha pozitsiyada. Biroq o’tgan ikki oy ichida juda katta hududni bosib olib, o’z nazoratini o’rnatgan “Islomiy davlat” har ikki davlat uchun birdek tahdid. Bir-biringizga tayanishga majbursiz”.

Siyosatshunos Nora Binsohil tahlilicha:

"Amerika yoki Saudiya Arabistoni Eron bilan birdaniga hamkorlikka kirishmaydi. Lekin parda ortida bir-biri bilan razvedka ma’lumotlari almashishi, harbiy amaliyotlar yuzasidan kelishib harakat qilishi mumkin. Bu bilan ularning boshqa masalalar yuzasidan pozitsiya va siyosatlari o’zgarib qoladi demagan bo’lardim”.

Dinshunos olim va sobiq diplomat Akbar Ahmad ta’biricha, arab davlatlari Eron bilan bu borada murosa qila oladi.

“Mantiqan olib qarasak, shunday qilishlari to’g’ri bo’ladi. Qabilaviy mentalitetdan kelib chiqib, dunyoning bu qismlari umumiy dushmanga qarshi azaldan qanday birlashib hamkorlikda chora ko’rganini hisobga olsak, vaqtincha ittifoq tuzilishidan hayron qolmaslik kerak. Ishonchli do’st bo’lishmaydi albatta, lekin ayrim masalalarda gapi bir joydan chiqsa ajabmas”.

Akbar Ahmad bunga misol ham keltiradi: Iroqning yangi hukumati shialar qo’lida, Eron tomonidan quvvatlangan biroq Saudiya Arabistoni uni olqishlamoqda, chunki Bag’doddagi rahbarlar sunniylar va kurdlarni kamsitmaslikni, hokimiyatni ular bilan bo’lishishni va’da qilmoqda. Va’dalarga ishonch past biroq tomonlar iliq so’zlar almashib, muloqot qilmoqda. Xalqaro aloqalarda ba’zida bu ham ulkan yutuq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG