Eron shialardan iborat xalqaro qo'shin tuzmoqchi

  • Amerika Ovozi

Eron hukumati "Birlashgan shia ozodlik armiyasi" yaratilganini e'lon qilgach, Tehron Yaqin Sharqda siyosiy va harbiy ta'sirini oshirish payiga tushgani haqida xavotirlar yangramoqda.

"Yangi armiyaga mazhab nomining berilishi mintaqadagi mazhablararo ziddiyatlarni alanga oldiradi. Eron o'zini mintaqaviy, hatto imperial kuch sifatida ko'rsatmoqda", - deydi Ekseter universiteti tadqiqotchisi Talha Abdulrazzoq.

Suriyadagi Eron kuchlarini boshqaruvchi qo'mondon tomonidan e'lon qilingan yangi armiya arab o'lkalaridagi janglarda qatnashishi hamda Erondan tashqaridagi shialar orasidan o'ziga askar yollashi kutilmoqda.

Mashriq axborot agentligi bilan o'tkazilgan intervyuda Eron inqilobiy kuchlari yetakchisi Muhammad Ali Falakiy yangi armiya uch frontga - Yaman, Suriya va Iroqqa asosiy e'tibor qaratishini aytgan. Uning qo'shimcha qilishicha, inqilobiy kuchlar allaqachon Suriyada Pokiston, Iroq, Suriya va Livandan kelgan jangchilardan iborat qo'shinga yetakchilik qilmoqda.

Mazhabga asoslangan armiya tuzish orqali Tehron mintaqadagi Saudiya Arabistoni kabi sunniy qo'shnilariga qarshi urush e'lon qilmoqda, deydi ayrim tahlilchilar.

Riyod boshchiligidagi Fors ko'rfazi boshqaruv kengashi Eronni hududda mazhablararo ziddiyatni kuchaytirayotganlikda ayblaydi. Saudiya Arabistoni Eron tuzgan yangi armiya haqidagi xabarga hali rasman munosabat bildirgani yo'q.

"Tehron va Riyod bir necha oylardan beri bir-biriga g'anim. Eron so'nggi harakati bilan Saudiya Arabistoniga kuchini ko'rsatib qo'ymoqchi", - deydi Yaqin Sharq bo'yicha tahlilchi Rasul Nafisiy.

Yamanda hukumatga qarshi bosh ko'targan hutiy isyonchilarini Tehron qo'llab-quvvatlamoqda. Ularga qarshi kurashga esa Sadiya Arabistoni harbiylari safarbar etilgan.

"Bunday armiyaning tuzilishi Yamandagi nizoni battar kuchaytiradi, xolos. Hutiylar bu urushda eng uyushgan guruhlardan biri. Qo'shimcha yordam ularni yanada kuchaytiradi", - deydi Misrda joylashgan tahlilchi Maysa Shuja.

Eron Suriya mojarosidagi ishtirokini ham kengaytirmoqchi. Livandagi Hizbulloh shia guruhi bir necha yillardan beri Prezident Bashar Assad rejimini himoya qilib kurash olib boradi. Shuningdek, Tehron Eronda yashovchi minglab afg'on muhojirlarini askarlikka yollab, Suriyaga jo'natgani haqida xabarlar bor.

"Damashq rejimini himoya qilishda janglarga eronlik qo'mondonlar yetakchilk qilmoqda. Ular qo'l ostida suriyaliklar, Livan va Afg'onistondan kelgan jangchilar bor", - deydi Suriyadan Birlashgan Arab Amirliklariga qochib kelgan sobiq afg'onistonlik jangchi Sardor Kozimiy.

Iroqdagi Xalq safarbarlik kuchlarini ham eronlik qo'mondon Qosim Sulaymoniy boshqaradi. Bu yerda Tehron yetakchiligidagi kuchlarning ko'payishi mintaqaviy ziddiyatlarni yanada kuchaytiradi, deydi tahlilchilar.

Hozircha Eron yangi armiya haqida batafsil ma'lumot bergani yo'q. Undagi askarlar soni qancha bo'lishi ham aniq emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG