Eron uran boyitishni yangi inshootga ko'chirgan, josuslikda ayblangan AQSh fuqarosini qatl etmoqchi

  • Amerika Ovozi

Amir MIrza Hikmatiy, Eron josuslikda ayblagan eronlik-amerikalik

Amir MIrza Hikmatiy, Eron josuslikda ayblagan eronlik-amerikalik

Eronda AQSh fuqarosi josuslikda aybdor deb topilib, o'limga mahkum etildi. Mahalliy matbuotga ko'ra, Amir Mirza Hikmatiy ismli odam AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasining agenti bo'lib, Eronga maxsus topshiriq bilan borgan.

Amerika Davlat departamenti ayblovlarni asossiz deb, rasmiy Tehrondan bungacha Hikmatiyni ozod etishni bir necha bor talab qilgan.

Hikmatiy AQShning Arizona shtatida tug'ilgan, ota-onasi eronlik. Eron televideniyesiga ko'ra, u o'z aybiga iqror bo'lgan. AQSh armiyasi safiga 2001-yilda qo'shilib, Iroq va Afg'onistonda xizmat qilgan. Videoga yozilgan ko'rsatmasida Eron razvedkasini soxta ma'lumot bilan ta'minlash vazifasini olganini aytadi.

So'nggi paytda AQSh va Eron o'rtasida ziddiyatlar kuchaymoqda. Qo'shma Shtatlar bu davlat yadro dasturiga to'siq qo'yish maqsadida Eron Markaziy Banki bilan ishlovchi muassasalarni jazolashini bildirgan. Yevropa Ittifoqi va AQSh Eron neft eksportini cheklash ustida ham o'ylanmoqda. Shunday bo'lgan taqdirda rasmiy Tehron Xo'rmuz bo'g'ozini yopishini aytgan. Qo'ltiq orqali Fors ko'rfazi mintaqasidagi davlatlar qazigan neft jahon bozoriga chiqariladi. Xo'rmuz yopilsa, AQSh va qator davlatlarda yoqilg'i qimmatlashishi aytilmoqda.

Qo'shma Shtatlar bunga yo'l qo'ymasligini va chora ko'rishini aytgan.

Ikki mamlakat o'rtasidagi ziddiyat Eronda uranni boyitish yangi bosqichga chiqqani tufayli ham kuchayishi mumkin.

BMTning Venada joylashgan Atom dasturi bo'yicha xalqaro boshqarmasiga ko'ra, Eron yana bir inshootda uran boyitishni boshlagan.

G'arb davlatlari Eron atom quroli ustida ishlayapti, degan xavotirda. Rasmiy Tehron esa yadro energiyasi unga elektr quvvati olish uchun va tibbiy izlanishlarda muhim ekanini ta'kidlab keladi.

Eron shu paytgacha uranni Natansdagi inshootda 3,5 foizgacha boyitib kelgan. Endi ish Qum shahri yaqinida, tog' ostida joylashgan Fordo majmuasiga ko'chirilib, u yerda uran 20 foizgacha boyitiladi. Yadro quroli uchun esa uran 90 foizgacha boyitilgan bo'lishi kerak.

AQSh va Isroil Eron atom dasturini to'xtatish uchun harbiy choradan ham qaytmasligini bildirib keladi. Eron rasmiylarining aytishicha, Fordo zavodi tashqi hujumdan yaxshi himoyalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG